O‘zbekistonda o‘qituvchilar uchun yangi imtiyozlar joriy etiladi. Bu haqda 30-sentabr kuni o‘tkazilayotgan Shavkat Mirziyoyevning O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasidagi ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvida e’lon qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish uchun bolalar matematika, fizika, kimyo va biologiyani maktabdan boshlab chuqur o‘zlashtirishi zarurligi qayd etildi. Buning uchun sinfda 25 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lsa, ushbu fanlar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi.
Shuningdek, fundamental fanlar o‘qituvchilari uchun rag‘batning yangi tizimi joriy etilishi ma’lum qilindi.
Milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50% ustama to‘lanadi, har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga 30 mln so‘mdan mukofot beriladi. Yana 1000 o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘taydi.
Kamida 15 yillik stajga ega pedagoglarning farzandlariga oliygoh kontrakti uchun foizsiz kredit ajratiladi. Xorijiy va milliy sertifikat olgan muallimlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplanadi.
Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Mendeleyev nomidagi xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglar to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy toifa oladi. Prezident ushbu tashabbuslar qariyb 100 ming o‘qituvchini rag‘batlantirishiga ishonch bildirdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 185 ming talabani dual ta’lim bilan qamrab olish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.