28-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev maktablarda yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliy ta’lim muassasalari va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil etish hamda O‘zbekistondagi Lyaonin pedagogika universiteti filiali faoliyatiga oid taqdimotlar bilan tanishdi.
Oliy ta’limdagi islohotlar doirasida talabalar universitetdagi nazariy ta’limni korxonalardagi amaliyot bilan birlashtiradigan dual ta’limni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
2027/2028-o‘quv yiliga qadar ushbu tizimga 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxonani jalb qilib, 12,5 ming nafar talabani qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Kelgusida 3- va 4-kurs talabalarining kamida 80% ini — qariyb 185 ming nafar talabani dual ta’lim bilan qamrab olish maqsad qilingan. Avvalo bu tizimni muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Dual ta’lim tajribasi Germaniyada o‘rganilgan. U yerda diplom olgan bitiruvchilarning 70−75% i amaliyot o‘tagan korxonalarida ishlashda davom etadi.
O‘zbekistonda ham bu tajriba qo‘llanmoqda: Andijon viloyatida 11 ming nafar talaba 2 mingta korxonada amaliyot o‘tamoqda.
Davlatimiz rahbari barcha rektorlarga Andijon viloyati tajribasini joyida o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi. Germaniyaga borgan rektorlar viloyat hokimlariga biriktirilib, dual ta’limni rivojlantirish bo‘yicha strategiya va takliflar tayyorlaydi.
Yangi tizimda oliygoh, korxona va talaba o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida rasmiylashtiriladi. O‘quv dasturlari korxonalar ehtiyojiga moslashtiriladi va talabalarga malakali ustozlar biriktiriladi.
Talabalarni tayyorlashda ishtirok etadigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun talabaga to‘langan ish haqining 50% ini qoplash, bojxona to‘lovlari va amortizatsiya bo‘yicha imtiyozlar berish taklif qilinmoqda. Shuningdek, amaliyotga 25 nafardan ortiq talaba qabul qiladigan kompaniyalarga davlat xaridlarida imtiyozlar berilishi mumkin.
Bundan tashqari, dual ta’limni eng samarali tashkil etgan oliygohlar va korxonalar o‘rtasida tanlov o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Unda talabalarni qamrab olish darajasi, ularning ish haqi, o‘zlashtirishi va bitiruvchilarning bandligi hisobga olinadi.



Taqdimotda maktab darsliklari ham tahlil qilindi. 260 ta darslikda 1257 ta xato, yana 51 ta darslikda 464 ta tarjima xatosi aniqlangan. Ayrim materiallar o‘quvchilarning yoshiga mos kelmasligi va murakkab shaklda bayon etilgani qayd etilgan.
2027-yilgacha 1342 nomdagi darslik va o‘quv-metodik material tayyorlash rejalashtirilmoqda. Ularda tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodiy yondashuvga oid topshiriqlar ko‘paytiriladi.
Shuningdek, kasbga yo‘naltirish, moliyaviy va raqamli savodxonlik hamda ekologik ta’limga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, kasbga yo‘naltirish bo‘yicha 255 ta dars va ekologik savodxonlik bo‘yicha 300 dan ortiq mavzu ishlab chiqilgan.
Yangi darsliklar bilan ishlash uchun o‘qituvchilarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi ham o‘zgartirilmoqda. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan 110 ming nafari malaka oshirishdan o‘tkazilgan. Singapurlik hamkorlar bilan 121 nafar master-trener va 739 nafar ustoz-o‘qituvchi tayyorlangan, ular keyinchalik 90 ming nafar pedagogni o‘qitgan.
Yangi baholash tizimi 5 mingta maktabda joriy etilgan. U o‘quvchining faqat ma’lumotni yodlab olish qobiliyatini emas, balki mavzuni tushunishi va bilimlarini amaliyotda qo‘llay olishini ham hisobga oladi.

Taqdimotda Xivadagi Lyaonin pedagogika universiteti filiali faoliyati ham ko‘rib chiqildi. Filialda xitoy tilini biladigan mutaxassislarni tayyorlash va ushbu tilni oliygohlar, texnikumlar hamda maktablarda o‘qitishni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Filialda xalqaro xitoy tili ta’limi, xalqaro biznes, turizm sohasini boshqarish va sun’iy intellekt bo‘yicha dasturlar ochiladi. Ta’lim o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Bitiruvchilarga O‘zbekiston va Xitoyda tan olinadigan diplom beriladi.
Ta’limni 2026/2027-o‘quv yilidan boshlash rejalashtirilgan. Shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar hamda informatika o‘qituvchilari malakasini oshirish dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident dual ta’limni hududlardagi korxonalarning kadrlarga bo‘lgan aniq ehtiyoji bilan bog‘lash, Lyaonin universiteti filialida esa ta’lim sifatini ta’minlash va talabalarni qabul qilish jarayonini puxta tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda tibbiyot kadrlari tayyorlash tizimi o‘zgartirilishi haqida yozgandi.


