Avvalroq Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish choralari ko‘rib chiqildi. Takliflar Kembrij, Pensilvaniya va Garvard universitetlari tavsiyalari asosida, xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan.

Endilikda tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji, kadrlar yetishmovchiligi asosida shakllantiriladi. Davlat buyurtmasi yo‘nalishlar kesimida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

2027/2028-o‘quv yilidan “Davolash ishi” yo‘nalishi o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilinmoqda. Besh yillik ta’limdan keyin talabalar bir yil to‘liq amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlaganlaar oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Oilaviy tibbiyot bo‘yicha kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning o‘zida o‘qishi va amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi. Tor soha mutaxassislarini tayyorlash esa bosqichma-bosqich rezidenturaga o‘tkazilib, magistratura asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi.

O‘rta tibbiyot kadrlarini tayyorlashda ham yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Oliy ma’lumotli hamshiralarning tashxis, davolash va profilaktika jarayonlarida shifokorga yaqin ko‘makchi sifatidagi o‘rni oshiriladi.

Farmatsevtika ta’limi ishlab chiqarish bilan yanada yaqin bog‘lanadi. Korxonalar ehtiyoji asosida dual ta’lim kengaytirilib, amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish, talabalarni dori vositalarini ishlab chiqishdan tortib, sifat nazorati va standartlashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarga jalb qilish belgilanmoqda.

Avvalroq Spot Rosatom Farg‘ona viloyatida tibbiy tajriba loyihasini ishga tushirishi mumkinligi haqida yozgan edi.