Rosatom Farg‘ona viloyatida tibbiyot sohasida pilot loyihani ishga tushirishi mumkin. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
19-avgust kuni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Rosatom Central Asia hududiy markazi bosh direktori Aleksey Dremuchev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalarini muhokama qildi.
Dremuchev Rosatom faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, atom energetikasi, mashinasozlik, yadro tibbiyoti, raqamli texnologiyalar va zamonaviy materiallar ishlab chiqarish haqida ma’lumot berdi.
Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri tibbiyot sohasida pilot loyihani ishga tushirish imkoniyati bo‘ldi.
Shuningdek, yoqilg‘i-energetika sohasi, energiyani saqlash, kompozit materiallar ishlab chiqarish, kadrlar tayyorlash hamda transport-logistika yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va qo‘shma loyihalar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini o‘z ichiga olgan yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Viloyat hokimi o‘zaro manfaatli tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
20-avgust kuni Rosatom vakillari Farg‘onadagi Central Asian Medical University xalqaro tibbiyot universitetiga tashrif buyurib, mutaxassislarni tayyorlash jarayoni bilan tanishdi va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.




Avvalroq Spot Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi AES qurilishiga “katta tayyorgarlik” boshlanganini ma’lum qilgani haqida yozgandi.



