Senatning 21-yalpi majlisida chet el fuqarolarining O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilovchi qonun ma’qullandi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 49⁶-modda bilan to‘ldirilmoqda. U chet el fuqarosi yoki doimiy ravishda boshqa davlat hududida yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga quyidagilar uchun jarima solishni nazarda tutadi:
- tasdiqnomasiz yoki uning amal qilish muddati tugaganidan keyin O‘zbekistonda ishlash;
- tasdiqnomada belgilanmagan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish.
Bunda jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari — 4,4 mln so‘m etib belgilanmoqda.
Mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa yoki jarima to‘lanmasa, shaxs O‘zbekiston hududidan ma’muriy tartibda chiqarib yuborilishi mumkin. Shuningdek, uning mamlakatga kirish huquqi uch yilga cheklanadi.
Hozirgi qonunchilikda bunday holatlar uchun chet el fuqarolarining bevosita ma’muriy javobgarligi nazarda tutilmagan edi. Senatorlar qonun chet el fuqarolarining qonuniy ishlashini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda uzoq muddat yashayotgan xorijliklarni monitoring qilish platformasi yaratilishi haqida yozgan edi.