Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi dam olish va turizm hududlarida bir martalik plastik mahsulotlardan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanishi mumkin. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanidagi dam olish va turizm hududlarida bir martalik plastik paketlar, idishlar va stakanlardan foydalanishni qisqartirish bo‘yicha bir yillik huquqiy eksperiment o‘tkazish taklif qilinmoqda.
Loyiha qabul qilinsa, maxsus ekologik rejim 2026-yil 1-dekabrdan 2027-yil 1-dekabrgacha amal qiladi. U hududdagi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, oilaviy mehmon uylari va dala hovlilariga taalluqli bo‘ladi.
Eksperimentga kiritiladigan aniq dam olish maskanlari va obyektlar manzilli ro‘yxat asosida belgilanadi.
Bir martalik plastik mahsulotlar qatoriga paketlar, ovqat va ichimliklar uchun plastik idishlar, stakanlar, qopqoqlar, trubochkalar, aralashtirgichlar, qoshiq, sanchqi va pichoqlar kiritilgan. Ularning o‘rniga ko‘p marta foydalaniladigan, qog‘ozdan, qayta ishlanadigan yoki belgilangan standartlarga muvofiq biologik parchalanadigan mahsulotlarni taklif qilish ko‘zda tutilgan.
Cheklovlar uch bosqichda joriy etiladi:
1-dekabrdan 2027-yil 28-fevralgacha — muqobil mahsulotlarni taklif qilish, plastik mahsulotlarni bepul va so‘rovsiz tarqatishni qisqartirish hamda chiqindilarni alohida yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. Kamchiliklar aniqlansa, tadbirkorlarga yozma ogohlantirish beriladi.
2027-yil 1-martdan 31-avgustgacha — plastik paketlar, idishlar va stakanlarni faqat iste’molchi so‘raganida berishga ruxsat etiladi. Bu davrda muqobil mahsulotlardan foydalanish ulushini oshirish ham ko‘zda tutilgan.
2027-yil 1-sentabrdan 30-noyabrgacha — belgilangan istisnolardan tashqari, bir martalik plastik paketlar, ovqat va ichimlik idishlari hamda stakanlarni iste’molchilarga berish taqiqlanishi taklif etilmoqda.
Tibbiy va sanitariya maqsadlarida ishlatiladigan mahsulotlar, oziq-ovqat xavfsizligi nuqtayi nazaridan muqobili bo‘lmagan qadoqlar, ishlab chiqaruvchining zavod qadog‘i, nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyoji uchun zarur mahsulotlar va favqulodda vaziyatlarda foydalaniladigan buyumlar cheklovlardan mustasno bo‘ladi.
Tadbirkorlar uchun talablar
Eksperiment ishtirokchilari foydalanadigan bir martalik plastik mahsulotlar turi va miqdorini hisobga olishi, plastik chiqindilarni boshqa chiqindilardan alohida yig‘ishi hamda ularni shartnoma asosida sanitar tozalash yoki qayta ishlash tashkilotlariga topshirishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, har chorak yakunida mas’ul organga hisobot taqdim etish va iste’molchilar ko‘rishi mumkin bo‘lgan joyga ekologik talablar haqida ma’lumot joylashtirish talab etiladi.
Talablarni muntazam bajargan tadbirkorlarga ixtiyoriy va bepul asosda “Green Pass” ekologik maqomi beriladi. Buning uchun ular bir martalik plastik mahsulotlar iste’molini dastlabki ko‘rsatkichga nisbatan kamida 80% ga kamaytirishi, muqobil mahsulotlarning muvofiqlik hujjatlariga ega bo‘lishi va chiqindilarni alohida yig‘ishni yo‘lga qo‘yishi lozim.
“Green Pass” maqomi ruxsatnoma yoki litsenziya hisoblanmaydi. Uning egalari rasmiy axborot resurslarida e’lon qilinadi, ekologik turizm targ‘ibotida tavsiya etiladi va maxsus tanish belgisidan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Talablar buzilsa, maqom bekor qilinishi mumkin.
Loyihada nazorat tadbirlari xavfni tahlil qilish asosida, biznes faoliyatini tekshirish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etgan holda o‘tkazilishi belgilangan. Jarima, faoliyatni to‘xtatish yoki cheklash choralari faqat amaldagi qonunchilikda tegishli huquqbuzarlik va vakolatlar belgilangan hollarda qo‘llanadi. Qaror loyihasining o‘zi yangi ma’muriy jazo joriy etish uchun mustaqil asos bo‘lmaydi.
Eksperimentni Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi muvofiqlashtiradi. Toshkent viloyati hokimligi, Turizm qo‘mitasi, viloyat Ekologiya bosh boshqarmasi va Chorvoq turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi ham jarayonda ishtirok etadi.
Bir yillik eksperiment natijalari asosida ushbu mexanizmlarni mamlakatning boshqa hududlariga ham tatbiq etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Loyiha bo‘yicha muhokamalar 12-dekabrgacha davom etadi.
Avvalroq Spot havo ifloslanganda avtomobillar harakati va korxonalar faoliyati cheklanishi mumkinligi haqida yozgan edi.