Qatar Airways O‘zbekiston fuqarolarini aeroportda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassis lavozimiga ishga taklif qilmoqda.
Customer Service Agent — Ground Services lavozimida ishlaydigan xodimlar yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, samolyotga chiqish jarayoni va tranzit hududida xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Nomzodlar 21−32 yoshda, kamida o‘rta ma’lumotga ega bo‘lishi hamda xizmat ko‘rsatish sohasida kamida bir yillik tajribaga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, ingliz tilida yaxshi muloqot qila olish, smenali ish tartibiga va Qatarga ko‘chib borishga tayyorlik talab etiladi. Aeroport, mehmonxona va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi tajriba ustunlik beradi.
Kompaniya xodimlarga bepul turar joy va transport, Qatarga borish uchun aviachipta, viza rasmiylashtirishda yordam hamda tibbiy ta’minot taklif qiladi.
Bundan tashqari, xodimlar soliqdan ozod etilgan daromad, yiliga bir marta O‘zbekistonga borib-kelish uchun aviachipta, ish formasi va kir yuvish xizmatidan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, Qatar Airways reyslariga chegirmalar va kasbiy o‘sish imkoniyatlari ham taqdim etiladi.
Nomzodlar arizalarni 30-noyabrgacha havola orqali topshirishlari mumkin.
Avvalroq Spot Qatar Airways O‘zbekistondan 1600 dan ortiq mutaxassisni ishga olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.