Qatar kompaniyalari o‘zbekistonlikni uyushgan holda ishga qabul qilishni kengaytiradi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.
Agentlik rahbari Behzod Musayev 5-may kuni Amirlik mehnat vaziri Ali bin Sayid bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ularda tibbiyot, turizm, aviatsiya va IT kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli tayyorlov kurslarini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ishchi guruh tuzish hamda Qatar Mehnat va Sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillarining O‘zbekistonga tashrifi to‘g‘risida kelishib oldilar. Qatar standartlari bo‘yicha tibbiyot xodimlarini tayyorlash dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Jusour davlat rekruting tashkiloti rahbari Abdulhadi Barkan bilan ham uchrashdi. Unda sentabr oyida 50 dan ortiq ish beruvchi ishtirokida O‘zbekiston-Qatar mehnat forumini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Navbatdagi uchrashuv Qatar Airways aviakompaniyasi vitse-prezidenti Fathi Atti ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Kompaniya iyun oyi oxirigacha bortkuzatuvchi, muhandis, aeroport xizmati xodimi kabi yuqori maoshli lavozimlarga 65 nafar nomzodni tanlab olishni rejalashtirmoqda.
Kelajakda aviatashuvchi parvoz va muhandislik ishi, mexanika va elektrotexnika kabi sohalarda 1600 nafar oliy ma’lumotli mutaxassisni jalb qilish loyihasini ishga tushiradi.
Avvalroq Spot Saudiya Arabistoni O‘zbekistondan shifokor va quruvchilarni ishga jalb qilishi haqida yozgandi.