O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni mehnat muhojirlarini uyushgan holda qabul qilishni kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Agentlik direktori Behzod Musayev delegatsiya tarkibida Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi vakillari bilan birgalikda qirollikka tashrif buyurdi.
Tomonlar o‘zbekistonliklarni tizimli qonuniy ishga joylashtirish mavzusida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Ahmad Al-Sharqiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mehnat bozorining yangi strategiyasi va xorijiy ishchi kuchini jalb qilish mexanizmlari muhokama qilindi.
Saudiya tomoni malaka darajalari (boshlang‘ich, o‘rta, oliy) bo‘yicha beriladigan yangi ish vizalari tizimi tafsilotlarini taqdim etdi.
Agentlik Saudiya Arabistoni Mehnat vazirligi bilan qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi. Tibbiyot, turizm, qurilish va muhandislik sohalarida o‘zbekistonliklarni ishga joylashtirish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda ushbu sohalarda xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Ish izlovchilar Saudiya kompaniyalariga ishga joylashish uchun majburiy bo‘lgan malaka imtihonlarini topshiradilar.
Shuningdek, mehmonlar KDOT rekruting tashkiloti va yirik ish beruvchilar vakillari bilan uchrashdi. Suhbat mavzusi talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha maqsadli o‘qitish va kasbiy tayyorlash dasturlarini joriy etish bo‘ldi.
2025-yil sentabr oyida Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vazirligining Jidda va Makka bo‘yicha departamenti o‘zbekistonlik diplomatlar bilan mavsumiy ishchilarni yollash masalasini muhokama qilgan edi. O‘shanda tomonlar hajga qassob va quruvchilarni jalb qilish masalasini ishlab chiqishga kelishib olgan edi.
Avvalroq Spot o‘zbekistonlik avtobus haydovchilar Yaponiyaga ishga yuborilishi haqida yozgandi.