Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda yaylovlarda o‘t va pichan o‘rish pulli bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot kotibi G‘ulomjon Samadov bu xabarlar asossiz ekanini bildirdi.
“Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan “Yaylovlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasi aholi va biznes uchun ortiqcha yuklamalar emas, balki yanada qulay imkoniyatlar yaratishni nazarda tutgan”, — dedi u.
Loyihada o‘t o‘rishni pulli qilish emas, aksincha, jamoat yaylovlarini tekinga berish hamda odamlar uchun bepul foydalanish tartibi belgilanmoqda.
Nima bo‘ldi?
9-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Yaylovlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Unda yaylovlardan foydalanish yo‘nalishlarini kengaytirish hamda jamoat yaylovlarini tashkil etish taklif etildi.
Loyihaga ko‘ra, yaylovlardan chorvachilikdan tashqari ekoturizm, asalarichilik va dorivor o‘simliklar yetishtirish kabi yo‘nalishlarda ham foydalanishga ruxsat beriladi. Aholi xonadonlarining yaylovlardan foydalanishini qonuniylashtirish uchun jamoat yaylovlari instituti joriy etilishi belgilanmoqda.
Yangi tizimda fuqarolarga yaylov chiptasi asosida yer maydonlaridan bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Qayd etilishicha, bu orqali 627,3 ming gektar maydondagi yerlarda 470 ta aholi yashash punkti uchun jamoat yaylovlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, yaylovlarni raqamli hisobga olish, holatini kuzatish va nazorat qilish uchun E-yaylov elektron platformasi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Partiyaning Telegram kanalida e’lon qilingan videoga ko‘ra, deputatlardan biri yaylov chiptasining vazifasi va undan foydalanish tartibiga aniqlik kiritishni so‘ragan. Xususan, u chipta pulli yoki bepul bo‘lishi, shuningdek, o‘t, pichan o‘rish uchun ham uni olish majburiyati joriy etilayotganiga e’tibor qaratdi. Deputat bu tartib qishloq joylarda yashovchi va yaylovlardan foydalanadigan ko‘plab fuqarolarga taalluqli bo‘lishini ta’kidladi.
Loyiha tashabbuskorining tushuntirishicha, yaylovlardan vaqtincha foydalanish, pichan o‘rish va dorivor o‘simliklarni yig‘ish borasida aholida ehtiyoj mavjud. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijara shartnomasi tuzilsa, yerlar 49 yilga ijaraga beriladi. Shu sababli aholi va tadbirkorlardan bu masalani belgilab berish va pulli qilish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmoqda.
Uning qayd etishicha, yer maydonlari geobotanik o‘rganish va O‘zdavyerloyiha tomonidan amalga oshiriladigan ishlar asosida qizil, sariq va yashil toifalarga ajratiladi. Bu yaylovlarda o‘t qoplami holatini baholash va qaysi hududlarda pichan o‘rish mumkinligini aniqlash uchun qo‘llanadi.
“Chipta pulli bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, E-yaylov elektron platformasi orqali uning bahosi e’lon qilinadi. U ariza asosida elektron shaklda beriladi. Tadbirkor esa daromadli bo‘ladi”, — dedi loyiha tashabbuskori. Biroq ushbu taklif qabul qilingan yoki qilinmaganiga aniqlik kiritilmagan.
Qonunchilik palatasi loyihani birinchi o‘qishda ma’qulladi
10-noyabr kuni ushbu hujjat loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilindi. Hujjatda yaylovlarni holatiga qarab uchta toifaga ajratish, ulardan foydalanishni raqamlashtirish, yaylov pasporti va chiptasini joriy etish hamda tanazzulga uchragan yerlarni qayta tiklash mexanizmlarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Unda yaylovlarni pulli qilish borasida so‘z bormagan.
Qonun loyihasini deputat Jamshid Abduzuhurov taqdim etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda jami 21,2 mln gektar yaylov mavjud. Shundan 16,6 mln gektari yoki 79%i cho‘l, 4,4 mln gektari yoki 21%i tog‘ va tog‘oldi yaylovlariga to‘g‘ri keladi. Yaylovlarning 16,3 mln gektari Chorvachilik agentligiga, 3 mln gektari o‘rmon fondiga, 1 mln gektari esa tabiatni muhofaza qilish maqsadlariga ajratilgan.
Abduzuhurovning ta’kidlashicha, yaylovlarda chorva bosimini kamaytirish va hayvonlarni almashlab boqishning oqilona tizimi yo‘lga qo‘yilmagani salbiy jarayonlarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, ozuqabop o‘simlik turlari kamayib bormoqda.
Amaldagi 2019-yilgi qonunda yaylovlardan foydalanish, ularni muhofaza qilish, ijaraga berish, xatlovdan o‘tkazish va monitoring qilish tartiblari belgilangan. Biroq hozirda yaylovlar degradatsiyasi, cho‘llanish, o‘simlik qoplamining siyraklashishi, suv tanqisligi va chorva mollarining tartibsiz o‘tnatilishi kabi muammolar yanada keng qamrovli huquqiy mexanizmlarni talab qilmoqda.
Yaylovlar uchta toifaga ajratiladi
Yangi qonun loyihasidagi asosiy yangiliklardan biri yaylovlarni holatiga qarab yashil, sariq va qizil toifalarga ajratishdir.
- Yashil toifa — belgilangan norma va normativlarga rioya qilgan holda chorva mollarini o‘tlatishga ruxsat beriladi.
- Sariq toifa — majburiy almashlab foydalanish va chorva mollarini o‘tlatish tartibi joriy etiladi.
- Qizil toifa — chorva mollarini o‘tlatishga moratoriy e’lon qilinadi.
Deputatning tushuntirishicha, ushbu mexanizm yaylovlarning holatidan kelib chiqib, ulardan foydalanishni tartibga solish imkonini beradi.
Qonun loyihasida yaylov xo‘jaligini boshqarish uchun raqamli monitoring tizimini yaratish ham ko‘zda tutilgan. Jumladan, E-yaylov elektron platformasi, sun’iy intellekt, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va geoaxborot texnologiyalaridan foydalanish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, har bir tegishli yaylov maydoni uchun pasport joriy etiladi. Unda yerning joylashuvi, chegarasi, huquqiy holati, sifati va iqtisodiy bahosi haqidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.
Loyihada yaylovlardan foydalanish uchun chipta tizimini joriy etish, maxsus vakolatli organ faoliyatini kuchaytirish, yaylovlarni qayta tiklash hamda iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish ham taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, yaylov o‘simliklarining urug‘chiligi va seleksiyasini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, suv ta’minoti va infratuzilmani yaxshilashga e’tibor qaratiladi. Jamoat yaylovlarini tashkil etish imkoniyati ham belgilanmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekiston o‘rmon va yaylovlarni tiklash uchun Yashil iqlim jamg‘armasidan 103,7 mln yevro olishi haqida yozgan edi.