O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasida telefonlarning IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovini bekor qilish masalasi hozircha ko‘rib chiqilmayapti. Bu haqda UzIMEI tizimi operatori — Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi bo‘lim boshlig‘i Otabek Azimov 11-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Jurnalist IMEI ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lovni bekor qilish yoki uni 88 ming so‘mdan 40−30 ming so‘mgacha kamaytirish masalasi ko‘rib chiqilayotgani yoki yo‘qligini so‘radi.
Azimovning aytishicha, bu masala hali JST talablariga kiritilmagan. Jarayon bojxona sohasidan boshlangan, biroq IMEI to‘lovi bo‘yicha masala tashkilot doirasida hali muhokama qilinmagan.
“Ochiqchasiga aytaman, hali bu narsaga yetib kelganimiz yo‘q. Hali JSTning o‘z talablariga IMEI savoli kiritilmagan. Bu zanjirli reaksiya bo‘ladi”, — dedi u.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda jami 7,34 mln ta IMEI-kod ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ularning 6,33 mln tasi yoki 86,2% i importyorlar, 915 mingtasi (12,5%) rezidentlar, 96,7 mingtasi (1,3%) esa norezidentlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Oylar kesimida eng ko‘p IMEI-kod sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan — 1,03 mln ta. Shundan 884,6 mingtasi importyorlar tomonidan amalga oshirilgan. Eng past ko‘rsatkich mart oyida qayd etilgan — 550 mingta.
UzIMEI saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar — rezidentlar va norezidentlar uchun telefonni birinchi tarmoqqa ulanganidan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi 88 ming so‘mni tashkil etadi. Ushbu muddatdan keyin ro‘yxatdan o‘tkazish esa 110 ming so‘mga teng.
Import qiluvchilar uchun tarif 88 ming so‘m, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun esa 44 ming so‘m etib belgilangan. Chet el SIM-kartasidan roumingda foydalanuvchi norezidentlar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish bepul.
Avvalroq Spot O‘zbekiston JSTga kirgach, mobil qurilmalar uchun boj nolga tushirilishi haqida yozgan edi.