Raqobat qo‘mitasi WB Taxi taksi xizmatini O‘zbekistonda ustun mavqega ega deb topdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Nazorat organining tegishli buyrug‘i bilan WB Taxi yo‘lovchilarni tashish (taksi) xizmatlari bozorida ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi.
Ma’lum qilinishicha, ustun mavqega ega raqamli platforma operatori faoliyatida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, kompaniya faoliyatida ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish maqsadida tegishli monitoring olib boriladi.
Wildberries taksi xizmati 2025-yil dekabr oyida Toshkentda cheklangan foydalanuvchilar uchun — taklifnoma yoki kutish ro‘yxati orqali ishga tushirilgan edi. 23-martdan ilova barcha foydalanuvchilar uchun ochildi, iyun oyida kompaniya xizmat Samarqandda, iyulda esa Buxoroda ham ishga tushirilganini e’lon qildi.
Avgust oyida Raqobat qo‘mitasi WB Taxi bo‘yicha shikoyatlarni o‘rganayotgani haqida xabar berilgandi.
Taksi xizmati yuzasidan 20 ga yaqin murojaat kelib tushib, iste’molchilar taksilar manzilga kelmasligi va haydovchilar bilan aloqa o‘rnatib bo‘lmasligidan shikoyat qilgan.
Oktabr oyi oxirida Raqobat qo‘mitasi Uklon UB kompaniyasini raqamli platformalar operatorlari orasida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatiga kiritgandi.
Qo‘mita ustun mavqega ega bo‘lgan bozor ishtirokchilarining o‘z mavqeini suiiste’mol qilishining oldini olish maqsadida kompaniyada monopoliyaga qarshi komplayens tizimi majburiy ravishda joriy etilishini bildirgan. Ushbu tizimni tashkil etish monopoliyaga qarshi qonunchilikda nazarda tutilgan.
2025-yil boshida Payme raqamli platforma operatorining ustun mavqei tan olingandi. Bunga asos sifatida Payme’ning Raqobat qo‘mitasiga xabarnomasi taqdim etilgan.
Aprel oyida tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida Uzum Tezkor ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi. Mayda esa Raqobat qo‘mitasi Click’ni ustun mavqega ega deb topgan edi.
2024-yil oktabrida Raqobat qo‘mitasi Yandex Eats va Express24 raqamli platforma operatorlarining ustun (monopol) mavqeini tan olgandi.
Shu bilan birga, dekabr oyida Uzbekistan Airways va Silk Avia ustun mavqega ega deb topilgandi.
Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligini buzgan 12 nafar blogerni javobgarlikka tortgani haqida yozgandi.