Raqobat qo‘mitasi Click raqamli platforma operatorining ustun mavqeini tan oldi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mitaning tegishli buyrug‘i bilan Click onlayn to‘lov tizimlari bozorida ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi.

Ustun mavqega ega raqamli platforma operatori faoliyati raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi va tegishli tartibda monitoring o‘tkazib boriladi. Bu kompaniyaning ustun mavqeini suiiste’mol qilish holatlarini oldini olishga qaratilgan.

Yil boshida Payme raqamli platforma operatorining ustun mavqeini tan olingandi. Bunga asos sifatida Payme’ning Raqobat qo‘mitasiga xabarnomasi taqdim etilgan.

Aprel oyida tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida Uzum Tezkor ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi.

“Raqobat to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, tovar yoki moliya bozorida quyidagilar ustun mavqe deb e’tirof etiladi:

  • agar xo‘jalik yurituvchining yoki shaxslar guruhining raqobatchilari mavjud bo‘lmasa;
  • agar xo‘jalik yurituvchining yoxud shaxslar guruhining bozordagi ulushi 40%ni va undan ortiqni tashkil etsa;
  • agar xo‘jalik yurituvchi yoki shaxslar guruhi tabiiy monopoliya subyekti deb e’tirof etilsa;
  • agar xo‘jalik yurituvchiga yoki shaxslar guruhiga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish yoxud olish uchun belgilangan tartibda mutlaq va eksklyuziv huquq berilgan bo‘lsa.

Oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 30 ming baravari (11,25 mlrd so‘m) dan kamroqni tashkil etuvchi xo‘jalik yurituvchining yoki shaxslar guruhining tovar yoki moliya bozoridagi holati ustun mavqe deb e’tirof etilmaydi. Bundan tabiiy monopoliya subyektlari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchilar mustasno.

Xo‘jalik yurituvchining yoki shaxslar guruhining tovar yoki moliya bozoridagi ustun mavqeyi e’tirof etilgan kundan uch kunda vakolatli davlat organi bu haqda ularga xabarnoma yuboradi, mazkur xo‘jalik yurituvchining yoki shaxslar guruhining tovarlariga nisbatan narxlar davlat tomonidan tartibga solingan taqdirda esa bu haqda narxni tartibga soluvchi organga ham xabar beradi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan turoperatorlarni jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi.