Avvalroq Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Kelasi yili tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev keyingi o‘n yil uchun jon boshiga o‘rtacha daromadni bu yilgi $5 ming dan $10 ming gacha oshirish vazifasini qo‘ygan.

“Bunga zamin yaratish uchun keyingi yil, ya’ni 2027-yilni favqulodda holatdagi yil deb bugun e’lon qildilar. Asosiy masala — tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash. Bu gal son emas, sifat nuqtai nazaridan”, — dedi Ishmetov.

Markaziy bank raisining aytishicha, endi mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlarning keyingi toifaga o‘sishi uchun tizim yaratiladi. Moliya, IT va logistika kabi yuqori daromadli sohalarda kichik biznes ulushi juda pastligi, shu sohalarda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kerakligi aytildi. O‘rta biznesni eksport bozorlariga olib chiqish uchun alohida moliyaviy va nomoliyaviy instrumentlar ishlab chiqiladi.

kafillik, kichik biznes, kreditlar, markaziy  bank, tadbirkorlik, yim, timur ishmetov

Kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga faqat davlat banklari emas, barcha xususiy banklar, nobank kredit tashkilotlari va fintex kompaniyalarni jalb qilish uchun rag‘bat tizimi yaratiladi. Davlat dasturlaridagi barcha instrumentlar yil oxirigacha qayta ko‘rib chiqilib, yangi yildan yangi maqsadlarga mos instrumentlar joriy etiladi.

“Kredit olishda kafillik berish mexanizmi bor, lekin ulushi juda past. Uni kamida o‘n karra oshirish, davlat uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlar va hududlarda xususiy banklar ham faol moliyalashtirishi uchun yetishmayotgan kamchiliklarni davlat tomonidan yopib berish maqsad qilingan. Agar loyiha xususiy bankning resurs narxiga to‘g‘ri kelmasa, qisman kompensatsiya qilish mexanizmini ishlab chiqamiz”, — dedi u.

Ishmetov Jahon banki hisobotiga tayanib, so‘nggi besh yilda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda kambag‘allikdan chiqqan aholining 40% i O‘zbekistonga to‘g‘ri kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu davrda 11,5 mln kishi kambag‘allikdan chiqarilgan, ishsizlik esa 4% dan pastga tushadi.

Avvalroq Spot tadbirkorlik kreditlarida kafolat asosidagi kreditlar ulushini 1% dan 12% ga oshirish rejalashtirilgani haqida yozgandi.