O‘zbekistonda xodimlarga ishdan bo‘shatilgani haqida SMS-xabar yuborish taklif etilmoqda. Tegishli taklif Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

Shuningdek, loyihada Mehnat kodeksiga “ish o‘rganuvchi stajyor” institutini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga muvofiq, birinchi marta yoki boshqa sohada ish qidirayotgan fuqarolar uch oygacha bo‘lgan muddatda kasbiy stajirovkadan o‘tishi mumkin. Bunda ish beruvchi stajirovka uchun haq to‘lash yoki to‘lamaslik masalasini mustaqil hal qiladi.

Stajirovka davomida fuqarolar real ish muhitida amaliy ko‘nikma orttirishi, ish beruvchilar esa ularning malakasi va tashkilotga mosligini baholashi mumkin bo‘ladi. Stajirovka kasbiy shartnoma asosida tashkil etilib, uning yakunida stajyorga sertifikat berilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, ilgari shu ish beruvchida ishlab chiqarish ta’limi yoki qayta tayyorlashdan o‘tgan va tegishli kasb bo‘yicha ishga qabul qilingan shaxslar uchun stajirovka talab etilmaydi.

Qonun loyihasida xodimlarni ishdan bo‘shatish tartibiga ham o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilgan. Jumladan, ish beruvchi ogohlantirish muddatini pul kompensatsiyasi bilan almashtirgan hollarda kasaba uyushmasi va mahalliy mehnat organlariga tegishli ma’lumotlarni kompensatsiya to‘lash haqidagi buyruq rasmiylashtirilishidan oldin taqdim etishi taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruq nusxasini xodimga pochta orqali yoki “Yagona milliy mehnat tizimi” orqali, shuningdek, SMS-xabar va elektron pochta yordamida yuborish imkoniyatini belgilash taklif etilmoqda. Xabarda mehnat shartnomasi bekor qilingan sana va asoslari ko‘rsatilishi kerak.

Masofaviy ta’lim shaklida tahsil olayotgan xodimlarning mehnat kafolatlari va kompensatsiyalarini aniqlashtirish ham loyihada nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, oliy ta’limda masofaviy shaklda o‘qiyotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyalarida qatnashish uchun yiliga kamida 15 kalendar kun o‘quv ta’tili berilishi taklif qilinmoqda.

Ish beruvchi ularning sessiyada qatnashish uchun borib-kelish yo‘lkira xarajatlarining kamida 50% ini ham qoplashi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, masofaviy ta’limda o‘qiyotgan xodimlar uchun moslashuvchan ish vaqti rejimini qo‘llashga ruxsat berish, “tegishli darajadagi ta’lim” tushunchasiga aniqlik kiritish ham taklif etilgan.

Qonun loyihasida ishga tiklash bilan bog‘liq mehnat nizolari bo‘yicha da’vo muddatini hisoblash tartibini ham aniqlashtirish nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, uch oylik muddat xodimga mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruq nusxasi topshirilgan yoki tegishli SMS-xabar yuborilgan kundan boshlab hisoblanadi.

Qonun loyihasi bo‘yicha fikr-mulohazalarni 9-dekabrgacha bildirish mumkin.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2030-yilgacha norasmiy bandlik ulushini 25% gacha qisqartirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.