Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Uchrashuvda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari so‘nggi 10 yilda yo‘l sohasiga 80 trln so‘m ajratilganini, natijada 7 ming kilometr yo‘l qayta qurilib, 125 ming kilometr yo‘l ta’mirlanganini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, sohaga xususiy investitsiyalar orqali $20 mlrd mablag‘ jalb qilish imkoniyati mavjud.

Hozirda umumiy qiymati $5,6 mlrd bo‘lgan, jami 593 kilometr uzunlikdagi pulli yo‘llarni qurish bo‘yicha beshta loyiha boshlangan.

Jumladan, Toshkent — Samarqand yo‘nalishida $2,2 mlrd lik loyiha amalga oshirilmoqda. Toshkent — Angren yo‘nalishidagi $1,6 mlrd lik loyiha bo‘yicha tender jarayonlari yakunlanmoqda.

Shuningdek, Toshkent — Chorvoq, Samarqand — Buxoro va Taxtaqoracha dovoni yo‘nalishlaridagi jami $1,8 mlrd lik loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini yakunlab, investorlarga taqdim etish topshirildi.

Uchrashuvda yo‘l va ko‘priklar qurilishiga tadbirkorlarni jalb qilish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Hududlarda umumiy qiymati $4 mlrd lik 131 ta loyiha taklifi tayyorlangan.

Hokimlarga bir oy muddatda har bir hududda 1−2 tadan yo‘l va ko‘prikni belgilab, ularni qurish, saqlash va boshqarish sharti bilan investorlarga taklif etish vazifasi yuklatildi.

Bunda loyihalar tadbirkorlarga tayyor texnik-iqtisodiy asoslari bilan taqdim etiladi. Investorlar yo‘llar bo‘yida savdo va servis obyektlarini tashkil etish huquqiga ham ega bo‘ladi. Prezident bunday loyihalarni har bir tumanda amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.


Avvalroq Spot Urganch — Xiva pulli yo‘lidan kuniga 1700 tagacha avtomobil harakatlanayotgani haqida yozgandi.