2026-yilning ikkinchi choragidan DMed axborot tizimida AI Top3 ishlamoqda. Bu shifokorlarga yordam beruvchi sun’iy intellekt platformasi bo‘lib, milliy klinik protokollarga tayanadi va 6 mingdan ortiq klinik holatni o‘rgangan.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov 24-noyabr kuni Qonunchilik palatasidagi eshituvda deputatlarga so‘zlab berdi.
“Anamnez yig‘ish va bemor ma’lumotlarini kiritishda sun’iy intellekt shifokorga uchta tashxis variantini taklif qiladi”, — dedi vazir.
Bu shifokor shu tashxislardan birini qo‘yishi shart degani emas.
Yana bir SI-yordamchi AI Stroke insultni aniqlash uchun mo‘ljallangan va 2,5 mingdan ortiq holatni qayta ishlagan. Bemor MSKTdan o‘tkazilganda tizim bosh miya qon tomirlaridagi zararlangan joylarni topadi. Adilovning so‘zlariga ko‘ra, ularni “inson ko‘zi bilan ko‘rib bo‘lmaydi”. Vazir bunday texnologiyalar Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlarda keng qo‘llanilishini aytdi.
Ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash tizimi AI Mammo 54 mingdan ortiq mammografiya natijasini tahlil qilgan.
Bundan tashqari, DMed’ga shifokor va bemor suhbatini matnga aylantiruvchi AI Med-STT nutqni tanish texnologiyasi joriy etilgan. Uning yordamida 2,5 mingdan ortiq suhbat hujjatlashtirilgan.
Tizim Toshkentning Yunusobod tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada sinovdan o‘tkazilgan. Adilovning aytishicha, uning aniqligi 90% dan yuqori. Texnologiyani hali hududiy shevalar va slengni tanishga o‘rgatish kerak.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 2026-yil oxirigacha oltita SI tizimini to‘liq ishga tushirishni rejalashtirmoqda: ko‘krak qafasi rentgen tasvirlarini tahlil qilish, EKG tahlili, ko‘z to‘r pardasi tahlili, zamburug‘li kasalliklarni aniqlash, sitologik tahlillar va bemorni kerakli mutaxassisga yo‘naltirish.
Yana uchtasi, jumladan, qon tahlili va ko‘krak bezi UTTsi uchun tizimlar sinov tariqasida joriy etiladi. Kelasi yili esa 14 ta SI loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Eshituv chog‘ida O‘zLiDeP deputati Adhambek Ismoilov tashxis qo‘yishda SI’ga qanchalik tayanish mumkinligini so‘radi. Adilov ko‘pchilik betob bo‘lganda avval chat-botlarga murojaat qilib, oxir-oqibat o‘z-o‘zini davolash bilan shug‘ullanishini tan oldi.
“Sun'iy intellekt faqat hayotimizni yengillashtirish uchun maslahat berishi va qaror qabul qilishda asos bo‘lishi mumkin. Biroq sun’iy intellekt maslahatlarini doim to‘g‘ri deb hisoblash noto‘g‘ri”, — dedi vazir.
Shu bilan birga, u tibbiyotni raqamlashtirishda SI’dan “baribir keng foydalanish kerak"ligini va to‘g‘ri qo‘llanilsa, u “ulkan imkoniyatlar ochishi"ni ta’kidladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanishning axloqiy qoidalarini qonun bilan mustahkamlash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi. Hozir kodeks tibbiyot va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarda faqat SI xulosalari asosida qaror qabul qilishni taqiqlaydi.