Apple yubiley munosabati bilan iPhone 20 Pro smartfonining keramika detallari ishlatilgan cheklangan seriyasini chiqarishi mumkin. Bu haqda MacRumors nashri Xitoyning Fixed Focus Digital insayderiga tayanib xabar berdi.

Insayder Weibo ijtimoiy tarmog‘ida kelasi yili chiqarilishi kutilayotgan yubiley iPhone uchun keramika komponentlarini olganini yozgan.

Insayderning so‘zlariga ko‘ra, ushbu detallar juda kichik hajmda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Bunga ularning cheklangan seriya uchun mo‘ljallangani sabab bo‘lishi mumkin.

Agar loyiha muhandislik sinovidan (EVT) muvaffaqiyatli o‘tsa, u ommaviy ishlab chiqarish bosqichiga o‘tadi. Insayder xabarida Apple aynan qaysi detalni keramikadan tayyorlamoqchi ekani hozircha aniqlashtirilmagan.

MacRumors bu orqa panel, korpusning kattaroq qismi yoki tashqi ko‘rinishdagi kichik bir element bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Apple allaqachon Apple Watch Series 12 soatlari korpusida keramikadan foydalanmoqda. Ushbu soatlarning Pearl White va Night Blue ranglaridagi keramik versiyalari, shuningdek, alyuminiy va titandan tayyorlangan variantlari mavjud. Avvalroq kompaniya oq keramik korpusli Apple Watch Edition Series 5 modelini ham chiqargan edi.

iPhone Air modelida keramika himoya oynasi tarkibiga kiritilgan. Smartfonning old tomonida Ceramic Shield 2, orqa tomonida esa Ceramic Shield oynasi o‘rnatilgan. Bunday oynada mayda keramik kristallar shisha matritsasiga joylashtiriladi. Bu uning shaffofligini saqlab qolish bilan birga mustahkamligini oshirish imkonini beradi.

Avvalroq Fixed Focus Digital yubiley modellari iPhone Air’dagi shisha konstruksiyasini meros qilib olishi, shuningdek, titan ramkaning to‘rtala tomoni bo‘ylab joylashgan egri qismlari yanada sezilarli bo‘lishini ta’kidlagan edi.

Yubiley iPhone modellari 2027-yilning kuzida taqdim etilishi kutilmoqda. MacRumors ma’lumotlariga ko‘ra, yangi smartfonlar to‘rt tomondan egilgan ekranga ega yangilangan dizaynda chiqariladi.

Nashr Apple yubiley munosabati bilan 2017-yilda iPhone X chiqarilganidagi kabi iPhone 19 nomidan voz kechishi mumkinligini ham taxmin qilmoqda.

Yubiley iPhone korpusi uchun ishlatiladigan materiallardan tashqari, insayderlar uning ekran texnologiyalarini ham muhokama qilmoqda.

Ice Universe ma’lumotlariga ko‘ra, smartfon COE texnologiyasi asosidagi displey bilan jihozlanishi mumkin. Ushbu texnologiya ekran panelini yupqalashtirish va uning yorqinligini oshirish imkonini beradi.


Avvalroq Spot Apple birinchi sensor ekranli MacBook Pro’ni taqdim etgani haqida yozgandi. Displey o‘lchamining ikki xil varianti hamda ikkita chip — M5 Pro va M5 Max tanlovi taqdim etiladi.