Apple 28-oktabr kuni sensorli ekranga ega yangi MacBook Pro versiyasini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Noutbuk 2000 nit maksimal yorqinlikka, 10 dan 120 Gts gacha yangilanish chastotasiga va aks ettirishga qarshi qoplamaga ega PROLED XDR displeyi bilan jihozlangan. Ekran diagonali 14,2 dyuym (36 sm) va 16,3 dyuym (41,4 sm) bo‘lgan variantlar taklif etiladi.
MacBook Pro’da ilk bor displeyga o‘rnatilgan sensorli ekran qo‘llanildi. U aylantirish, sudrab olib o‘tish, tasvirni kattalashtirish uchun barmoqlarni yaqinlashtirish va uzoqlashtirish, shuningdek, rasm chizish kabi imo-ishoralarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, foydalanuvchilar M5 Pro yoki M5 Max chipi bilan jihozlangan variantlardan birini tanlashlari mumkin. Har ikkala variantda ham sun’iy intellekt bilan bog‘liq vazifalarni bajarish uchun neyroakseleratorlar o‘rnatilgan grafik protsessorlar mavjud.
Ishlab chiquvchilarning so‘zlariga ko‘ra, M5 Pro dasturlash, ilm-fan, muhandislik va ijodiy faoliyat sohalaridagi “murakkab loyihalar” uchun optimallashtirilgan.
M5 Max esa katta til modellarini (LLM) bevosita qurilmada ishga tushirish, 3D-grafika va yuqori aniqlikdagi videolarni qayta ishlash kabi o‘ta murakkab vazifalar uchun mo‘ljallangan.
14 dyuymli ekranli versiya chip turiga qarab 1,38−1,4 kg, 16 dyuymli variant esa 1,82−1,84 kg vaznga ega.
Qurilma 12 megapikselli, 1080p HD formatida video yozib oladigan veb-kamera bilan jihozlangan. Shuningdek, unda kadrdagi yuzni avtomatik kuzatib boruvchi Center Stage funksiyasi, oltita dinamik va uchta mikrofon mavjud. Noutbukda uchta Thunderbolt 5 porti, HDMI ulagichi, xotira kartalari uchun slot va biometrik skaner (Touch ID) bor.

Yangi MacBook Pro N1 simsiz moduli tufayli Wi-Fi 7 va Bluetooth 6 standartlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. M5 Pro chipli noutbukga uchtagacha, M5 Max chipli versiyaga esa to‘rttagacha tashqi displeyni ulash mumkin.
Noutbukda Siri AI sun’iy intellekt yordamchisi, qidiruv va bildirishnomalarga tezkor kirish imkonini beruvchi Dynamic Island funksiyasiga ega macOS 27 operatsion tizimi o‘rnatilgan. Shuningdek, tezkor quvvatlash funksiyasi mavjud bo‘lib, batareyani yarim soatda 50% gacha quvvatlash mumkin.
M5 Pro chipli versiya 24, 48 yoki 64 GB birlashtirilgan xotira (tezkor va grafik xotira) hamda 1, 2 yoki 4 TB SSD bilan taklif etiladi. M5 Max chipli variantda esa 36 GB dan 128 GB gacha birlashtirilgan xotira va 2 TB dan 16 TB gacha SSD tanlash mumkin.
Qurilma savdosi 6-noyabrdan boshlanadi. Narxlari quyidagicha:
- 14 dyuymli MacBook Pro: M5 Pro bilan — $2899, M5 Max bilan — $4499;
- 16 dyuymli MacBook Pro: M5 Pro bilan — $3399, M5 Max bilan — $4799.
Avvalroq Spot Apple kompaniyasi macOS 27 operatsion tizimiga ega yangi iMac va MacBook Pro qurilmalarini taqdim etgani haqida yozgandi.