O‘zbekneftgaz, Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi va Britaniyaning British Petroleum kompaniyasi birgalikda o‘zlashtirayotgan Ustyurtdagi kon hali ochilmagan: loyiha geologik qidiruv bosqichida. Bu haqda O‘zbekneftgaz bosh geologi Nodir Muhiddinov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot muxbiri.

Kelasi yil birinchi quduqni burg‘ilash rejalashtirilgan. Shundan so‘ng zaxiralar salohiyati va gaz qazib olish istiqbollarini baholash mumkin bo‘ladi.

Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha 3 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydonda seysmik qidiruv ishlari olib borilgan, mutaxassislar esa olingan ma’lumotlarni qayta tahlil qilmoqda.

SOCAR va BP baholariga ko‘ra, loyihaning istiqbollari taxminan 5 ming metr chuqurlikda konlar aniqlanishi mumkinligi bilan bog‘liq.

“Ammo u yerda konning o‘zi hali ochilmagan. Buni aniq tushunishingizni so‘rayman: ushbu loyiha hozircha geologik qidiruv bosqichida”, — deya ta’kidladi Muhiddinov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozircha loyiha doirasida gazning tannarxini baholashga erta. Hozirda faqat seysmik qidiruv ishlari uchun sarflangan xarajatlar ma’lum, oldinda esa qidiruv qudug‘ini burg‘ilash ishlari turibdi.

Shu bilan birga, Ustyurt mintaqasi umuman olganda O‘zbekneftgaz tomonidan yangi zaxiralarni aniqlash va gaz qazib olish hajmini oshirishning muhim yo‘nalishi sifatida qaralmoqda.

Kompaniya odatdagi 3−3,5 ming metr o‘rniga 5 ming metrdan ortiq chuqurlikda joylashgan qatlamlarda ish olib bormoqda. Bu burg‘ilash jarayonini sezilarli darajada murakkablashtiradi va xarajatlarni oshiradi: bosim 1 ming atmosferagacha, harorat esa 200 darajagacha yetishi mumkin. Bunday sharoitlarda ishlay oladigan uskunalarni dunyodagi cheklangan sondagi kompaniyalar ishlab chiqaradi.

“Bizning umidlarimiz ham Ustyurt mintaqasi bilan bog‘liq […]. Gaz qazib olish salohiyati aynan shu bilan bog‘liq, deb hisoblaymiz”, — dedi Muhiddinov Ustyurtning chuqur qatlamlarida olib borilayotgan ishlar haqida gapirar ekan.

Ustyurtning neft-gaz resurslarini o‘zlashtirish loyihasida O‘zbekneftgaz va SOCAR 30% dan, British Petroleum esa 40% ulush bilan ishtirok etmoqda.

Avgust oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tomonlar qidiruv burg‘ilashi va boshqa geologik qidiruv ishlari natijalari olinganidan so‘ng, 2027-yilda foydalanish quduqlarini burg‘ilashni boshlashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.


Avvalroq O‘zbekneftgaz yangi konlar eskilari hisobiga gaz qazib olish qisqarishini qoplamayotgani haqida aytgandi.