Turkiyaning Pegasus Airlines arzon narxlardagi aviakompaniyasi Istanbuldan O‘zbekistonning uchta shahri — Buxoro, Andijon va Termizga muntazam yo‘lovchi reyslarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Aviakompaniya saytida “Endi O‘zbekistonga uchamiz” degan e’lon joylashtirilgan, yangi yo‘nalishlar uchun chiptalar esa allaqachon sotuvga chiqarilgan.
Dastlabki reyslar quyidagi sanalarga rejalashtirilgan:
- Buxoro — 2026-yil 14-dekabrdan;
- Andijon — 2026-yil 18-dekabrdan;
- Termiz — 2027-yil 1-martdan.
Istanbuldan chiptalar narxi $99 dan (soliqlarni hisobga olgan holda 89,99 yevro) boshlanadi. Reyslar Istanbuldagi Sabiha Gokchen aeroporti orqali amalga oshirilishi kutilmoqda.
Ushbu aeroport Pegasus Airlines aviakompaniyasining asosiy tranzit markazlaridan biri hisoblanadi.
Eng arzon xalqaro — Light tarifiga ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bagaj va standart qo‘l yuki bepul kiritilmagan.
Yo‘lovchi bortga faqat og‘irligi 3 kg gacha, o‘lchami esa 40×30×15 sm dan oshmaydigan kichik sumkani bepul olib kirishi mumkin. Sumka oldidagi o‘rindiq ostiga joylashtirilishi kerak. Qo‘shimcha bagaj uchun alohida haq to‘lanadi.
Aviakompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirayotgani aviatsiya organlari ma’lumotlari bilan ham tasdiqlanadi.
Fuqaro aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya) reyestriga ko‘ra, Pegasus Airlines 2026-yil 6-oktabrda yo‘lovchi tashish uchun 58-K-sonli ekspluatatsiya ruxsatnomasini olgan.
Avvalroq Spot AQSH 3-noyabrdan barcha aviayo‘lovchilar uchun majburiy deklaratsiya joriy etilishi haqida yozgandi.
