Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi, deya xabar bermoqda quyi palata matbuot xizmati.
Hujjat bilan soliq qarzi o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda hisoblanadigan penya miqdori mazkur qarz summasidan oshib ketmasligi qat’iy belgilanmoqda.
Shuningdek, soliq to‘lovchi kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha talab etilgan tushuntirishni yoki aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etsa, bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish chorasi soliq organlari tomonidan avtomatik ravishda bekor qilinishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasida qator tarmoqlar uchun soliq yengilliklari berilishi ham ko’zda tutilgan. Xususan, farmatsevtika, pillachilik, to‘qimachilik, nodavlat maktabgacha ta’lim, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari hamda yirik ko‘chmas mulk investitsiya loyihalari shular jumlasidan. Qolaversa, atrof-muhitni muhofaza qilish, ko‘kalamzorlashtirish va xayriya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo’yicha ham imtiyozlar beriladi.
Hududlarda biznesni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va iqtisodiy rivojlanish darajasi bo‘yicha beshinchi toifaga kiritilgan tumanlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun pasaytirilgan soliq stavkalari qo‘llanadi. Shu bilan birga, aylanmadan olinadigan soliqdan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va foyda solig‘iga o‘tayotgan kichik biznes subyektlarini rag‘batlantirish uchun qo’shimcha yengilliklar joriy etiladi.
Avvalroq prezident ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarning muammoli masalalarini hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Unda soliq maʼmurchiligi va moliyaviy jarimalar bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashdagi nizolarni bartaraf etish, penya miqdori asosiy qarzdan oshib ketmasligini belgilash taklif etilgani haqida xabar berilgandi.