2026-yilning yanvar-sentabr oylari davomida O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 5,8% dan 3,6% gacha pasaydi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi o‘z hisobotida ma’lum qildi.
Unda keltirilishicha, kambag‘allikdan xoli mahallalar soni 1 435 tadan 3 627 taga yetgan. “Ijtimoiy reyestr"dagi 429 mingta oilaga daromadini oshirish maqsadida 581 mingta xizmat ko‘rsatilgan, natijada daromadi oshgan 440 mingta oila reyestrdan chiqarilgan.
O‘tgan 9 oy ichida 824 ming nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirilgan. Shuningdek, 4,1 mln nafar aholining daromadini oshirishga yordam berilgan, 980 ming nafar fuqaroning norasmiy bandligi rasmiylashtirilgan.
Qayd etilishicha, kasbga o‘qitish dasturlari doirasida 96,4 ming kishi o‘qishga jalb qilinib, uni tamomlagan 59,2 ming nafar bitiruvchidan qariyb 45 mingi ish bilan ta’minlandi.
Vaucher tizimi orqali qariyb 130 ming kishiga vaucher ajratilib, o‘qishni tamomlagan 56,5 ming kishidan 43 mingdan ortig‘i ishga joylashtirildi.
Shuningdek, yanvar-sentabr oylarida Onlayn mahalla elektron platformasi orqali jami 7 730 ta subsidiya va 8 835 ta ssuda arizasi qanoatlantirilgan. Natijada 64,1 mlrd so‘m subsidiya (o‘tgan yilga nisbatan 58,4% o‘sish) va 79,8 mlrd so‘m ssuda (+31,4%) ajratilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi qariyb 4 baravarga qisqargani haqida xabar berilgandi.