O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda bolalar kambag‘alligi qariyb 4 barobar qisqardi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda bo‘lib o‘tgan Bolalar farovonligiga investitsiya butunjahon sammiti ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ma’lum qilindi.
Unda bolalikka yo‘naltiriladigan mablag‘lar davlat siyosatida “izchil va barqaror o‘rin egallashi zarur"ligi qayd etilgan.
Mamlakatda maktabgacha ta’lim qamrovi 27,7% dan 78% ga oshirildi, olti yoshli bolalarning qariyb 100% i maktabga tayyorlovga jalb etildi, oliy ta’lim bilan qamrov 5 barobar — 9% dan 45% ga oshdi.
“Biz mamlakatimizda yaratilgan oila va bola ehtiyojini barvaqt aniqlab, yordam beradigan ijtimoiy himoya tizimi orqali so‘nggi besh yilda bolalar kambag‘alligi qariyb 4 baravarga qisqardi”, — deya qayd etdi prezident.
Shuningdek, inklyuziv maktablar soni 5 barobar ortib, nogironligi bo‘lgan bolalarning 85% dan ortig‘i ta’lim xizmatlariga jalb etildi.
Bundan tashqari, davlat rahbari bolalar uchun xavfsiz ta’lim va raqamli muhit yaratish, kiberbulling, ekspluatatsiya va shaxsiy ma’lumotlardan suiiste’mol qilishga qarshi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, bolalarning bilim olishi, ijod qilishi va xavfsiz muloqotini kengaytirish uchun raqamli savodxonlik bo‘yicha amaliy ko‘mak kerakligi qayd etildi.
Avvalroq Spot Germaniya 13 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlarni cheklashi mumkinligi haqida yozgan edi.