Birinchi yarim yillikda mehnat migratsiyasidan qaytgan 661 ming kishining 557 ming nafari daromadli ishlarga jalb etildi. Bu haqda 29-sentyabr kuni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov Qonunchilik palatasida hisobot berish chog‘ida ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yilda 410 mingta kambag‘al oila yoki 1,7 mln kishini daromadlarini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qo‘shimcha yoki asosiy daromad manbaini yaratib berish orqali 6 mln kishining daromadini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilgi bandlik dasturi 1 mln kishini doimiy ishga joylashtirish, norasmiy band bo‘lgan 1 mln kishining faoliyatini qonuniylashtirish (soyadan chiqarish) va 4 mln kishining daromadini oshirishni nazarda tutadi. Shuningdek, toifasi og‘ir bo‘lgan 37 ta tuman va 915 ta mahallada aholi daromadlarini oshirish orqali kambag‘allik darajasini kamida ikki barobarga qisqartirish vazifasi qo‘yilmoqda.

Yil boshidan buyon 563 ming oilaning xohish-istaklari inobatga olingan holda ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar ishlab chiqildi. Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, individual rejalar asosida 294 mingta kam ta‘minlangan oilaga, ya‘ni 1,3 mln kishiga daromadlarini oshirishga qaratilgan 376 mingta xizmat ko‘rsatildi.

Xususan, kam ta‘minlangan oilalarning 105 ming nafar a‘zosi doimiy ishga joylashtirildi, 259 ming nafari tadbirkorlikka jalb etildi, 12 ming nafari esa kasb-hunarga o‘qitildi.

Kam ta‘minlangan oilalarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun ularga 2 trln so‘mlik kreditlar, shuningdek, 265 mlrd so‘mlik ssuda va subsidiyalar ajratildi. Chegaraoldi va anklav hududlarda joylashgan 563 ta mahallada daromadlarni oshirish hisobiga 84 ming kishi kambag‘allikdan chiqarildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida kam ta‘minlangan oilalarning 49 ming nafar farzandi IT, ingliz tili, elektron tijorat, SMM va grafik dizayn kabi yo‘nalishlar bo‘yicha bepul onlayn ta‘lim oldi. Yana 125 ming bola qo‘shimcha to‘garaklarga jalb etildi.

Infratuzilma va bandlik

939 ming kishi, shu jumladan kam ta‘minlangan oilalar a‘zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada olti oy ichida rasmiy daromadlar yoki moddiy-mulkiy holatning yaxshilanishi evaziga 275 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi.

Sharoiti og‘ir tuman va mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga alohida e‘tibor qaratilmoqda. Joriy yilda 1245 ta mahalla va 70 ta tumanga davlat budjetidan 9 trln so‘m ajratildi. Ushbu mablag‘lar doirasida 3200 ta infratuzilma obyektida qurilish ishlari olib borilmoqda.

2653 ta xonadonga quyosh panellari o‘rnatildi, yana 1727 ta xonadon esa “yashil” standartlar asosida ta‘mirlandi.

Zohidov uchinchi muhim yo‘nalish sifatida aholi bandligini ta‘minlashni qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mehnat resurslarining 76% i yoki 16 mln kishi iqtisodiy faol aholi hisoblanadi.

Olti oy ichida loyihaviy yondashuv asosida 469 ming kishi doimiy ish bilan ta‘minlandi, 2,7 mln kishining daromadi oshdi, 615 ming nafar norasmiy band bo‘lgan fuqaroning faoliyati esa legallashtirildi. 1-iyul holatiga ko‘ra, band aholi soni 11,6 mln kishiga yetib, yil boshidan buyon 657 mingtaga ko‘paydi.

Vazir mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar bilan ishlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Hisobot davrida xorijdan qaytgan 661 ming migrantning 557 ming nafari daromadli ishlarga jalb etildi. Xohish-istaklarini inobatga olgan holda yana 70 ming kishini ish bilan ta‘minlash rejalashtirilmoqda.

Hisobot davrida mahallalarda 103 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, ular orqali 246 ming nafar aholi asosiy yoki qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ldi. Yil oxirigacha yana shunday 60 mingta mikroloyihani yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

“Eʼtiborlisi, bu mikroloyihalarning 22% ida, yaʼni 22 mingtasida 30 ming kambag‘al oila aʼzolari tashabbuskor yoki yollanma ishchi sifatida ularga jalb qilingan”, — dedi Zohidov.

Ushbu davrda kichik va o‘rta biznesga 76 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratildi, shundan 19 trln so‘mi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida berildi.

Yil boshida ishga tushirilgan osonish.uz platformasi orqali aholini ishga joylashtirish jarayoni davom etmoqda. Bugungi kunga qadar 214 ming nafar ish izlovchi o‘z rezyumesini platformaga joylashtirdi, 33 mingta ish beruvchi ro‘yxatdan o‘tdi, hisobot davrida esa 75 ming kishi muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Yana 125 ming kishi moliyalashtirishning yangi vaucher tizimi orqali davlat va xususiy ta‘lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitildi.

Hokim yordamchilari va yil oxirigacha bo‘lgan rejalar

Zohidov, shuningdek, aholi bandligini ta‘minlash hamda xonadonlarda doimiy daromad manbalarini yaratishda asosiy kuch bo‘lgan hokim yordamchilari instituti faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Fevral-may oylarida vazirlik va idoralar rahbarlari hududlarga ishchi guruhlar bilan chiqqan holda hokim yordamchilari uchun o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etdi. Jami 8785 nafar yordamchi o‘qitildi.

Bundan tashqari, 209 nafar eng istiqbolli yordamchi malaka oshirish uchun Yaponiya, Turkiya, Xitoy va Rossiyaga yuborildi.

Shuningdek, hokim yordamchilarini baholashning yangi tizimi joriy etildi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, unda asosiy e‘tibor ish soniga emas, balki sifatiga qaratilgan.

“Asosiy eʼtibor bunda songa emas, sifatga qaratiladigan yangi KPIlarga asosan, ‘raqamdan sifatga tamoyili‘ asosida eng asosiy mezon qancha ish qilingani emas, balki qancha barqaror ish o‘rinlari yaratilgani, qancha oila daromadi oshgani va qancha tadbirkorlik subyektlari faoliyati barqaror yo‘lga qo‘yilgani bilan baholanadigan yangi tizim qildik”, — deb ta‘kidladi Zohidov.

Olti oy yakunlariga ko‘ra, respublikada kambag‘allik va ishsizlik darajasi 4−4,5% ga kamaydi.

Yilning qolgan davrida Bandlik vazirligi 310 ming kishini barqaror bandlik xizmatlari bilan qamrab olishni, 583 ming kishini doimiy ishga joylashtirishni, 2 mln kishining daromadini oshirishni hamda norasmiy band bo‘lgan 561 ming kishini “soya"dan chiqarishni rejalashtirmoqda.

“Yil yakuni bilan respublikamizda kambag‘allikka barham berish bo‘yicha katta marra olingan”, — dedi Zohidov:

Spot avvalroq yil oxiriga qadar O‘zbekiston kambag‘allik va ishsizlikdan xoli bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.