Wildberries asoschisi Tatyana Kim kompaniyaga rahbarlik qilmayapti. Bu haqda Rossiya Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestri ma’lumotlari guvohlik bermoqda.

Kompaniyaning yangi bosh direktori Aleksey Kulikov bo‘ldi. U 19-noyabr kuni lavozimga kirishgan.

Kulikov, shuningdek, VB Engineering qurilish kompaniyasi va APR-Siti/TVD reklama agentligiga ham rahbarlik qiladi.

Kim kompaniya ta’sischilari qatorida ham ko‘rsatilmagan. Reyestrda uning hozirgi egalari haqidagi ma’lumotlar yopilgan.

Wildberries matbuot xizmati Spot’ga direktor almashishi marketplace faoliyatiga ta’sir qilmasligini tushuntirdi.

“„Wildberries“ MChJ 2024-yildan RWB guruhiga kiradi. Barcha operatsion faoliyat guruhning asosiy kompaniyasi — RWB’ga o‘tkazilgan”, — deyiladi izohda.

Matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, Wildberries ixtiyorida guruh aktivlarining bir qismi qolgan. Tatyana Kim RWB guruhining strategik rivojlanishi bilan shug‘ullanishda davom etadi.

Rahbariyatdagi o‘zgarishlar Yevropa Ittifoqi Tatyana Kimga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy qilganidan bir necha kun o‘tib yuz berdi. Kompaniya bu ikki voqea o‘rtasidagi bog‘liqlikni rasman izohlamagan.


Avvalroq Spot O‘zbekiston pochtasi’dagi 92,9% davlat ulushi Wildberries’ga tegishli WB INT EXPORT kompaniyasining ishonchli boshqaruviga topshirilgani haqida yozgandi.