Yevropa Ittifoqi Kengashi 16-noyabr kuni Rossiyaga qarshi 22-sanksiyalar paketini tasdiqladi. Tegishli hujjat Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida e’lon qilindi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga 12 nafar jismoniy shaxs va 101 ta yuridik shaxs, jumladan, Rossiya bilan aloqador xorijiy kompaniyalar kiritildi. Cheklovlar qator banklar, energetika va transport sohasi korxonalari, shuningdek, sug‘urta va sanoat kompaniyalariga taalluqli bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga Wildberries marketplace asoschisi Tatyana Kim ham tushdi. YI bayonotida platforma Rossiya armiyasi uchun harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan tovarlarni sotishi, shuningdek, sanksiyalar ostidagi VTB banki bilan aloqadorligi qayd etilgan.

Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatiga Yandeks kompaniyasi va Ozon marketplace aksiyadori Aleksandr Chachava ham kiritildi.

Yana bir sanksiya nishoniga aylangan shaxs — Megalik-Oxta Grupp qurilish kompaniyasi hammuassisi va Rossiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning o‘g‘li Sergey Matviyenko bo‘ldi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 40 dan ortiq moliya tashkilotiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Ular orasida Unistream, YooMoney, Gaztransbank, SPB Bank, Databank, Tenderbank, Pervouralskbank va boshqa banklar bor.

Cheklovlar Rossiyaning bir qator neftni qayta ishlash zavodlariga, jumladan, Moskva, Kirishi, Xabarovsk, Saratov, Ilyinskiy va Novo­shax­tinskiy zavodlariga, shuningdek, Nijnekamsk neft-kimyo majmuasiga ham taalluqli bo‘ldi. Yangi sanksiyalar ro‘yxatidan Peterburg neft terminali, Rusximalyans va Rusgazdobycha kompaniyalari ham joy oldi.

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi avvalgi — 21-sanksiyalar paketi iyul oyida qabul qilingan edi. Unga energetika sektori, moliya tizimi, harbiy-sanoat majmuasi, qazib olish sanoati, transport va kriptovalyuta xizmatlari bilan bog‘liq 218 nafar jismoniy va yuridik shaxs kiritilgan.

Jumladan, Wildberries’ga tegishli WB Bank, Yandeks Bank, Ozon Bank, MTS Bank va Rossiyaning yana 90 ta banki sanksiyalarga uchragan.

Shuningdek, A7 to‘lov tizimining tuzilmalari, Qirg‘izistonning EkoIslamiBanki va yana uchta xorijiy bankka nisbatan ham cheklovlar joriy etilgan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda Zolotaya Korona orqali pul o‘tkazmalarini yangi operator amalga oshirishi haqida yozgandi.