Avvalroq Spot 13-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev 2027-yil uchun Davlat budjetining maqsadli ko‘rsatkichlari, asosiy makroiqtisodiy prognozlar hamda budjet-soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi.
Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Ibrohimov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida bojxona infratuzilmalarini takomillashtirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berilganini qayd etdi.
“Shundan kelib chiqib, keng ko‘lamli qurilish tadbirlari doirasida G‘ishtko‘prik (Qozog‘iston tomonidan — Jibek Joli) va Dovut ota (Tajen) chegara bojxona postlarimiz yaqin kunlarda ochiladi va to‘liq ishga tushadi”, — dedi u.
Bundan tashqari, Ibrohimov Tojikiston bilan chegaradagi uchta — Oybek, Farhod va Bekobod avtomobil bojxona postlarida qurilish ishlari boshlanishini ma’lum qildi.
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining Spot’ga aniqlik kiritishicha, Qozog‘iston bilan chegaradagi mazkur ikkita chegara postining ochilishi joriy yilning dekabr oyiga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Chernyayevka nomi bilan ham tanilgan G‘ishtko‘prik chegara posti 2025-yil 5-fevraldan ta’mirlash uchun yopilgan. Jarayon dastlab to‘rt oy davom etishi kerak edi. Noyabr oyiga kelib O‘zbekiston o‘z hududidagi nazorat-o‘tkazish punktini modernizatsiya qilishni yakunlagani va Qozog‘iston tomonidan qurilish ishlari yakunlanishini kutayotgani ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning sentabrida esa ushbu post 2026-yil oxirida ochilishi aytildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston yuklamani kamaytirish uchun ikkita chegara o‘tkazish punktini tun-u kun ishlash rejimiga o‘tkazishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, 2025-yilning fevral oyidan Tajen — Dovut ota chegara o‘tkazish punkti orqali jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati 3 oyga to‘xtatildi. Biroq may oyiga kelib ushbu chegara punkti yana to‘rt oyga yopildi.
Iyun oyida Dovut ota chegara posti rekonstruksiyasining ikkinchi bosqichi boshlandi. Qurilish bo‘yicha mas’ullarga birinchi bosqich doirasida aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish topshirig‘i berildi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegarada One Stop tizimini joriy etish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida yozgan edi.