Qozog‘iston bilan chegaradagi 2025-yil fevralida rekonstruksiya uchun yopilgan G‘ishtko‘prik chegara bojxona posti 2026-yilning to‘rtinchi choragida (oktabr-dekabr) foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda. Shundan so‘ng post orqali yuk avtomobillari harakati qayta tiklanadi.
Shuningdek, yuk transporti Navoiy chegara bojxona posti orqali ham o‘tkazila boshlaydi. Bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bu boshqa o‘tkazish punktlaridagi yuklamani kamaytirish va Yallama posti yaqinidagi navbatlarni bartaraf etishga yordam beradi.
Sentabr oyida Sirdaryo posti orqali 9,2 mingdan ortiq yuk avtomobili o‘tgan — o‘rtacha har to‘rt daqiqada bittadan. Bir yil davomida yuk oqimi 10% ga oshgan.
Yuk oqimini qayta taqsimlash uchun Malik — Sirdaryo va Oq oltin — Selinniy postlarini tunu kun ishlash rejimiga o‘tkazish va ularga xalqaro maqom berish rejalashtirilmoqda. Bu Yallama va Sirdaryo postlaridagi yuklamani 30% gacha kamaytirishi kutilmoqda.
Aprel oyida Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari — Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin O‘zbekiston tomondagi G‘ishtko‘prik va Qozog‘iston tomondagi Jibek Joli chegara punktlari sentabr oyida qayta ishga tushirilishini aytgan edi.
“Chernyayevka” nomi bilan ham tanilgan G‘ishtko‘prik chegara posti 2025-yil 5-fevraldan ta’mirlash uchun yopilgan. Ta’mirlash ishlari dastlab atigi to‘rt oy davom etishi kerak edi.
Postda binolarni vaqtincha demontaj qilish, hududni obodonlashtirish va unga tutash hududda infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Ta’mirlash ishlari nega kechikkani aniqlashtirilmagan.
Avvalroq Spot O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan chegaralarda yagona nazorat tizimini joriy etmoqchiligi haqida yozgandi.