Avvalroq Spot Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “tartibga solish qumdoni” doirasida O‘zbekistonda xorijiy qimmatli qog‘ozlar muomalasi tartibini tasdiqlagani haqida xabar bergan edi. Nizomga ko‘ra, maxsus reyestrga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar va moliyaviy vositalar bilan operatsiyalarga ruxsat beriladi.
Reyestrga tan olingan xorijiy yurisdiksiyada ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy emitentlarning aktivlari kiritiladi. Ular qatoriga quyidagilar kiradi:
- xorijiy fond indekslariga kiruvchi aksiyalar;
- xorijiy kompaniyalar va davlatlarning obligatsiyalari;
- birja investitsiya fondlari (ETF);
- indeks fondlarining qimmatli qog‘ozlari;
- xorijiy kompaniyalarning depozitar tilxatlari.
Reyestrga kiritilishi uchun xorijiy qimmatli qog‘oz listingdagi qog‘ozlarining umumiy kapitalizatsiyasi kamida $1 trln bo‘lgan xorijiy savdo maydonchasida listingda turishi ham kerak.
Ariza qanday beriladi?
Xorijiy qimmatli qog‘ozni muomalaga chiqarish uchun investitsiya vositachisi yoki bank avval Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi bilan shartnoma tuzishi kerak. Shundan keyin u agentlikka yozma yoki elektron pochta orqali ariza berishi mumkin.
Arizada aktiv haqidagi batafsil ma’lumot, jumladan uning xalqaro identifikatori (ISIN), tikeri va savdo qilinadigan maydonchasi ko‘rsatiladi. Tashabbuskor muomalaga chiqariladigan qog‘ozlarning eng ko‘p sonini, ularning pul ifodasidagi hajmini hamda moliyaviy vosita uchun bazaviy aktiv sifatida ishlatiladigan qog‘ozlar soni va hajmini ham ko‘rsatishi kerak.
Arizada qog‘ozlar qayerda savdo qilinishi ham tanlanadi: Toshkent fond birjasi maydonchasi, xorijiy savdo maydonchasi yoki investitsiya vositachisining platformasi.
Agar savdo xorijiy maydonchada bo‘lsa, tashabbuskor xorijiy investitsiya vositachisi bilan platformalar integratsiyasi haqidagi shartnomani ilova qiladi. Xorijiy hamkorda jamlangan hisobvaraq ochilgani haqidagi hujjat ham talab qilinadi.
Agentlik arizani 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, qog‘ozlarni reyestrga kiritish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi. Muomalaga chiqariladigan hajmni Markaziy bank bilan kelishish uchun yana 10 kungacha vaqt beriladi, bu davrda ariza ko‘rib chiqilishi to‘xtatib turiladi.
Bu jarayonda tashabbuskorga qog‘ozlarning rejalashtirilgan hajmini oshirish yoki kamaytirish taklif qilinishi mumkin. Qaror haqida tashabbuskorga bir ish kuni ichida xabar beriladi, rad etilganda aniq sabablari ko‘rsatiladi.
Qog‘ozlar savdoga qanday chiqadi?
Ariza ma’qullangach, tashabbuskor qimmatli qog‘ozlarni depozitariyning xorijiy yurisdiksiyadagi vakillik hisobvarag‘iga joylashtiradi. Depozitariy hisob tizimida qog‘ozlar yozuvini yaratadi, ularga kod beradi va moliyaviy vositalarni tashabbuskorning depo hisobvarag‘ida aks ettiradi.
Shundan keyin depozitariy tashabbuskorga depo hisobvarag‘idan ko‘chirma yuboradi. Agentlik vositalarni hisobga o‘tkazish yakunlangani haqida xabarnoma oladi, fond birjasiga esa ularni savdoga qo‘yish uchun ma’lumotlar beriladi.
Moliyaviy vositalar fond birjasi va investitsiya vositachisi platformasining savdo tizimiga kiritilgach, ular bilan bitim tuzish mumkin bo‘ladi.
Savdo qachon to‘xtatiladi?
Agentlik xorijiy qimmatli qog‘ozlar muomalasini quyidagi hollarda to‘xtatib turishi mumkin:
- qog‘oz muomalasi xorijiy savdo maydonchasida to‘xtatilganda;
- bazaviy aktivlarni hisobga olish va saqlash yoki ularning bozor kotirovkasini aniqlash imkonsiz bo‘lganda;
- bazaviy aktivlar soni muomaladagi moliyaviy vositalar soniga mos kelmaganda;
- fond birjasi yoki investitsiya vositachisi platformasida axborot xavfsizligi, hisob-kitoblar yoki bozor yaxlitligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi texnik nosozlik yuz berganda;
- qonunbuzilish, bozor manipulyatsiyasi yoki investorlar huquq va manfaatlariga bevosita xavf tug‘diruvchi boshqa holatlar aniqlanganda.
To‘xtatib turish haqidagi qarorda asos, boshlanish sanasi va muddat, shu davrda ruxsat etiladigan operatsiyalar hamda savdoni tiklash shartlari ko‘rsatiladi. Agentlik bu haqda o‘z saytida e’lon qiladi, investitsiya vositachisi esa bir ish kuni ichida investorlarga yozma xabar yuboradi.
Regulyator to‘xtatishdan oldin o‘tish davrini ham belgilashi mumkin, shunda investorlar operatsiyalarni yakunlab, yakuniy qaror qabul qilishga ulguradi. Bu davrda aktivlarga “muomalasi cheklangan” maqomi beriladi va ular bilan operatsiyalar imkoniyati cheklanadi.
Agar to‘xtatishga sabab bo‘lgan qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, agentlik vositalar muomalasini tugatib, ularni reyestrdan chiqarishi mumkin. Bunga quyidagilar ham asos bo‘ladi:
- qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi bekor qilinishi, ular so‘ndirilishi yoki xorijiy maydonchadagi muomalasi tugatilishi;
- reyestrga kiritish uchun ataylab noto‘g‘ri yoki soxta ma’lumot berilgani aniqlanishi;
- tashabbuskorning arizasi yoki u “qumdon"dan chiqarilishi, agar aktivlar bo‘yicha operatsiyalarni boshqa tashabbuskor o‘z zimmasiga olmasa.
Avvalroq Spot dekabrdan O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar emitentlari uchun qonunga itoatkorlik reytingi joriy etilishi haqida yozgandi.