Afg‘onistonning Bomiyon viloyatidan O‘zbekistonga kartoshkaning ilk partiyasi yetib keldi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

Eksport uchun kartoshka yetishtirish loyihasi joriy yil may oyida O‘zbekiston tomoni taklifi bilan boshlangan. Loyiha doirasida Bomiyon viloyatining Shahidon, Faladi tumanlari va markaziy qismidagi 17 gektar yerga O‘zbekistondan olib borilgan “Fontane” navli kartoshka urug‘lari ekilgan.

Savdo-sanoat palatasining qayd etishicha, ushbu nav yuqori hosildorligi, parvarishlash qulayligi va eksport talablariga mosligi sababli tanlangan.

Afg‘onistonlik fermerlar bilan hamkorlikda kartoshka ekish, parvarishlash va hosilni yig‘ib olish ishlari tashkil etilgan. O‘zbekistonlik mutaxassislar esa ekinlar holatini muntazam kuzatib borgan.

Loyiha doirasida har gektardan 40−45 tonna kartoshka hosili olindi. Palata tanlangan urug‘lik kartoshkaning sifati hamda hududning tabiiy-iqlim sharoitlari yuqori hosildorlikka erishishda muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi.

Hosil yig‘ib olingach, saralangan va qadoqlangan kartoshkaning ilk partiyasi shu kunlarda O‘zbekistonga yetib keldi.

May oyida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov Bomiyon viloyati gubernatori Qori Gul Haydar Shafaq bilan klaster tizimi asosida kartoshka yetishtirish masalasini muhokama qilgandi. O‘zbekiston kartoshka urug‘larini yetkazib berish evaziga hosilning bir qismini kafolatli sotib olishni taklif qilgan.

Loyihaning iqtisodiy samarasi yiliga kamida 50 ming tonna, eng ko‘pi bilan esa 300 ming tonna kartoshka yetishtirish imkoniyati sifatida baholangan.

Bundan tashqari, tomonlar meva yetishtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar, o‘g‘itlarni saqlash majmuasini tashkil etish va afg‘onistonlik fermerlar malakasini oshirish masalalarini ham muhokama qilgan.

Iyul oyida Toshkent delegatsiyasi Afg‘onistonning Bomiyon va Hirot viloyatlari vakillari bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan.

Bu tashabbus poytaxt bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Shuningdek, savdo uylarini ochish rejalari ham ko‘rib chiqilgan.


Avvalroq energetika vaziri Sherzod Xodjayev O‘zbekiston Afg‘onistonga ortiqcha elektr energiyasini eksport qilishi haqida aytgandi.