Avvalroq Spot 13-avgust kuni Shavkat Mirziyoyevga Yangiyo‘l tajribasi asosida hududlarda isteʼmolchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlash, energiya samaradorligini oshirish, tarmoqlardagi yo‘qotishlar va debitorlik qarzdorlikni keskin kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berilgani haqida yozgandi.
Energetika vaziri Sherzod Xodjayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida mahalliy kompaniyalar Afg‘oniston hududida elektr tarmoqlari va podstansiyalar qurish loyihasini amalga oshirishini ma’lum qildi.
Yig‘ilishda kompaniyalarga zarur ruxsatnomalarni berish, loyihani moliyalashtirish va uning amalga oshirilishini nazorat qilish mexanizmlari haqida ma’lumot taqdim etilgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, prezident ushbu yo‘nalishdagi ishlarni alohida nazoratga olish va har hafta hisobot taqdim etishni topshirgan.
Loyiha Afg‘oniston tomoni tashabbusi bilan amalga oshiriladi. U mamlakatda yangi elektr tarmoqlarini qurish hamda mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilishni nazarda tutadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston elektr energiyasi eksporti uchun mavsumiy ortiqcha quvvatlardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Xo‘jayevning ta’kidlashicha, quyosh va shamol elektr stansiyalari yuqori quvvatda ishlagan paytda hosil bo‘ladigan ortiqcha elektr energiyasini eksport qilish orqali qo‘shimcha iqtisodiy samaraga erishish mumkin.
“Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti ichki talab to‘liq qondirilganidan keyin hosil bo‘ladigan ortiqcha elektr energiyasi hisobidan amalga oshiriladi”, — dedi vazir.
Xodjayev, shuningdek, Surxondaryo viloyatining salohiyatiga to‘xtaldi. Uning qayd etishicha, hudud quyosh energiyasi resurslariga boy. Viloyatda faoliyat yuritayotgan quyosh elektr stansiyasining quvvati hudud ehtiyojlarini to‘liq qoplash uchun yetarli.
Bundan tashqari, Surxondaryoda yana 2−3 ta elektr stansiyasi qurish rejalashtirilmoqda. Ularning ishga tushirilishi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshiradi va ichki talab to‘liq qondirilganidan so‘ng eksportga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan elektr energiyasi hajmini ham ko‘paytiradi.
Avvalroq Spot Aksa Elektrik investitsiya kiritish sharti bilan Samarqand elektr tarmoqlarini boshqaruvga olishi haqida yozgandi.