13-avgust kuni prezidentga Yangiyo‘l tajribasi asosida hududlarda isteʼmolchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlash, energiya samaradorligini oshirish, tarmoqlardagi yo‘qotishlar va debitorlik qarzdorlikni keskin kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berilgandi.
Energetika vaziri Sherzod Xodjayev O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida yig‘ilishda prezidentga Yangiyo‘l tumani tajribasi asosida 14 ta tumanda qilingan ishlar bo‘yicha oraliq hisobot taqdim etilganini ma‘lum qildi. Xususan, mahallalarda o‘rganishlar o‘tkazilib, energiya pasportlari shakllantirilgan, qarzdorlarni tarmoqdan uzish va to‘lovlarni undirish choralari ko‘rilgan, shuningdek, tarmoq infratuzilmasini rivojlantirish zarurati aniqlangan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, prezident ushbu tajribani nafaqat 14 ta tumanda, balki respublikaning barcha tuman va shaharlarida ommalashtirish bo‘yicha topshiriq bergan. Bu ishlarga energetiklar, hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralari, shuningdek, mahalla faollari hamda raislari jalb etilishi lozim.
Yig‘ilishda aholi va tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlashni raqamlashtirishga alohida e‘tibor qaratildi. Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat murojaatlarni qabul qilish va ularga javob berishni raqamlashtirish, balki kelgusida shikoyatlarga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish uchun ularning sabablarini tahlil qilish ham rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonda ilk bor taqsimlovchi elektr tarmoqlari investitsiya kiritish sharti bilan xususiy sektor boshqaruviga berilmoqda. Xalqaro tender natijalariga ko‘ra, Samarqand viloyati bo‘yicha Turkiyaning Aksa Elektrik kompaniyasi g‘olib bo‘ldi, u viloyatdagi mavjud elektr tarmoqlaridan foydalanadi va yangilarini quradi.
Vazir Samarqand hududiy elektr tarmoqlarining barcha xodimlari turk kompaniyasiga ishga qabul qilinishini ma‘lum qildi. Uning aytishicha, xorijdan atigi 10−15 nafar mutaxassis jalb etish rejalashtirilgan, qolgan ishlar esa mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda bajariladi.
“Mazkur biznes-model respublika uchun birinchi marta qo‘llanilyapti. Prezidentimiz buning tajribasidan kelib chiqqan holda qolgan hududlarda ham ishlarni amalga oshirishimiz shartligi to‘g‘risida topshiriq berdilar”, — deya ta‘kidladi vazir.
Shuningdek, Aksa Elektrik xodimlarni o‘qitishi, ularning malakasini oshirishi va joriy etilayotgan texnologiyalar bilan tanishtirib borishi kerak bo‘ladi. Kompaniya tarmoqlarni qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishda mahsulotlarning kamida 90% ini ichki bozordan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilishi shart. Xodjayevning qayd etishicha, kompaniyaning sarmoya hajmi ham qat‘iy belgilanadi — u belgilangan miqdordan kam bo‘lmagan summada investitsiya kiritishi lozim. Biroq vazir investitsiyalarning aniq miqdorini ma‘lum qilmadi.
Kompaniya mutaxassislari allaqachon viloyatda ish boshlab yuborgan. Ular vaziyatni o‘rganib, ilmiy yondashuvni qo‘llagan holda Samarqandda birinchi navbatda ikki yil ichida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan 400 ta mikroloyiha tanlab oldi. O‘rtacha bitta shunday mikroloyiha bitta mahallaga to‘g‘ri keladi.
Spot, avvalroq, Surxondaryo va Markaziy Osiyoning bir qator hududlarida elektr ta‘minotida uzilishlar kuzatilgani haqida yozgandi.