14-avgust kuni Surxondaryo va O‘zbekistonning boshqa ayrim viloyatlari, shuningdek, Markaziy Osiyoning bir qator shahar va hududlarida elektr ta‘minotida uzilishlar kuzatildi.

Qirg‘izistonning 24.kg nashri ma‘lumotiga ko‘ra, Bishkekning turli hududlarida elektr ta‘minoti uzilgan. Qirg‘iziston Energetika vazirligi mutaxassislari uzilish sabablarini aniqlash ustida ishlamoqda.

Qozog‘istonning Tengrinews nashri Olmaota shahri va Olmaota viloyatining ayrim hududlarida elektr ta‘minoti uzilganini xabar qildi.

Alatau Jaryq Kompaniyasy ma‘lumotiga ko‘ra, soat 14:38 da elektr uzatish liniyalarining avariyaviy o‘chishi oqibatida avariyaga qarshi avtomatika ishga tushgan. Natijada o‘chirilgan yuklama hajmi 300 MVtni tashkil etgan.

Shuningdek, Asia-Plus Dushanbe va Tojikistonning boshqa ayrim hududlarida ham elektr ta‘minotida uzilishlar kuzatilayotgani haqida xabar berdi.

O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari ma‘lumotiga ko‘ra, yagona energetika tizimida bir necha pog‘onali avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishlashi oqibatida mamlakatning ayrim hududlarida favqulodda o‘chishlar kuzatilgan.

Hozirda mutaxassislar nosozlik sabablarini aniqlash va uning oqibatlarini bartaraf etish ishlarini olib bormoqda. Elektr tarmoqlariga navbatma-navbat kuchlanish berilmoqda.

Energetika vazirligi uzilishlarga qo‘shni mamlakat energetika tizimida yuz bergan avariya sabab bo‘lganini ma‘lum qildi. Avariya Markaziy Osiyo energetika tizimiga ta‘sir ko‘rsatgan.

Natijada Surxondaryo va boshqa ayrim viloyatlarda elektr ta‘minotida uzilishlar kuzatilgan. Hozirda energetiklar tomonidan elektr ta‘minoti bosqichma-bosqich tiklanmoqda.


Spot, avvalroq, Toshkentda biznesni ko‘proq energiya uzilishlari, past talab va logistika muammolari qiynayotgani haqida yozgandi.