Markaziy bank sharhiga ko‘ra, 2026-yilning ikkinchi choragida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi tadbirkorlarning 53%i ishbilarmonlik muhiti yaxshilanganini qayd etgan. Biznes eng sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni qurilish, transport, ishlab chiqarish va savdo sohalarida kuzatgan.
Tadbirkorlar bank xizmatlari sifati, kredit olish imkoniyatlari, raqobat muhiti hamda litsenziya olish tartib-taomillarini ijobiy baholagan.
Shu bilan birga, soliq ma‘muriyatchiligi, yo‘l infratuzilmasi, gaz va elektr ta‘minoti, shuningdek, monopollashuv darajasi bo‘yicha berilgan baholar nisbatan pastligicha qolmoqda.

Iqtisodiy faollik
Buyurtmalar hajmi oshgani haqida aytgan tadbirkorlarning ulushi bir yil ichida 4 foiz punktga, ishlab chiqarishniki esa 7 foiz punktga o‘sdi. Buyurtmalar o‘sishi asosan qurilish, turizm, hunarmandchilik va savdo hisobiga ta‘minlandi.
Ayni paytda ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi sezilarli darajada oshdi. Yuqori yuklama bilan ishlayotgan korxonalarning ulushi 2025-yilning ikkinchi choragidagi 43% dan joriy yilda 61% ga yetdi. Eng yuqori quvvat yuklamasi tibbiyot, transport, aloqa va axborotlashtirish korxonalarida kuzatildi.
Shu bilan birga, biznes korxonalarning to‘liq quvvat bilan ishlashiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar sifatida gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar, talabning yetarli emasligi, avtomobil yoqilg‘isi narxining o‘sishi hamda logistikadagi uzilishlarni sanab o‘tgan.
Markaziy bank infografikasi shuni ko‘rsatadiki, gaz va elektr ta‘minotidagi uzilishlar biznes faoliyatini cheklovchi eng ko‘p qayd etilgan omilga aylangan: bir yil avval bu ko‘rsatkich taxminan 21% ni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda respondentlarning qariyb 35%i shu omilni ko‘rsatgan.

Keyingi o‘rinlarda talabning yetarli emasligi (taxminan 23%), avtomobil yoqilg‘isi narxining oshishi (taxminan 20%) va logistikadagi uzilishlar (19%) turadi. Shuningdek, tadbirkorlar aylanma mablag‘lar tanqisligi, ijara narxining yuqoriligi, soliq sohasidagi qiyinchiliklar, ishchilar yetishmasligi, uskunalarning nosozligi, xomashyo taqchilligi va ma‘muriy tekshiruvlarni qayd etishgan.
2025-yilning ikkinchi choragiga nisbatan tadbirkorlar energiya ta‘minotidagi uzilishlar, talabning pastligi va logistika bilan bog‘liq muammolardan ko‘proq shikoyat qila boshlagan.
Ishchi kuchi va kreditlarga talab
Mehnat bozoridagi faollik saqlanib qoldi: qo‘shimcha ishchi kuchiga talab o‘sganini bildirgan tadbirkorlar ulushi o‘tgan yilga nisbatan biroz oshdi. Shu bilan birga, buyurtmalar hajmi o‘sgan tarmoqlarda ishchi kuchiga ham talab yuqori bo‘lgani kuzatildi.
Kredit to‘lovlari oshganini ma‘lum qilgan respondentlarning ulushi o‘tgan yilgi darajada qoldi. Ayni vaqtda qurilish, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi va moliya sohalarida qo‘shimcha kredit resurslariga talab yuqoriligicha saqlanib qoldi.
Biznesning kutilmalari
Kelgusi chorakda so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 51%i buyurtmalar hajmi oshishini kutmoqda. Ularning prognozlariga ko‘ra, asosiy o‘sish qurilish, ishlab chiqarish, hunarmandchilik va qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘rta muddatli kutilmalar ham ijobiyligicha qolmoqda. Ikkinchi chorakda tadbirkorlarning 82%i yaqin uch yil ichida iqtisodiy vaziyat va ishbilarmonlik muhiti yaxshilanishini kutayotganini ma‘lum qilgan. Bir yil avval respondentlarning atigi 57%i shu fikrda bo‘lgan.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes uchun bepul diagnostika dasturi ishga tushirilayotgani haqida yozgandi.