Iqtisodiyot va moliya vazirligi kichik va o‘rta kompaniyalar uchun diagnostika dasturi ishga tushirilganini e‘lon qildi.

Tadbirkorlar mehnat unumdorligi va resurslardan foydalanish samaradorligini baholashdan o‘tishlari mumkin. Dastur Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda, Integration kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Diagnostika kichik va o‘rta korxonalarda jarayonlar unumdorligini oshirish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi doirasida o‘tkaziladi. Diagnostika doirasida tadbirkorlar quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:

  • vaqt va moliyaviy resurslarning yo‘qotilishiga olib kelayotgan asosiy muammolarni aniqlash;
  • xomashyo, energiya va resurslarni tejash imkoniyatlari haqida bilib olish;
  • mahsulotlar tannarxini pasaytirish va sifatini oshirish bo‘yicha amaliy yechimlar to‘plamini olish.

Dasturda ishtirok etish uchun 1-sentabrgacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Diagnostika bepul o‘tkaziladi.

Spot, avvalroq, ayrim tadbirkorlarga uch oygacha litsenziyasiz ishlashga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.