Avvalroq Spot Oliy Majlis Senati ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagani haqida yozgan edi.
Hujjat bilan “Arxiv ishi to‘g‘risida” va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun bilan arxiv ishini raqamlashtirishga qaratilgan qator normalar belgilanmoqda. Jumladan, “elektron arxiv” va “arxiv hujjatining elektron nusxasi” tushunchalari qonunchilikda mustahkamlanib, ularga ta’rif beriladi.
Elektron arxivni tashkil etish, elektron nusxani asl nusxa o‘rnida tan olish, arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibidan chiqarish, idoraviy va nodavlat arxivlarni tashkil etish tartibi hamda shartlari belgilanadi.
Senator Odiljon Mamatkarimovning ta’kidlashicha, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish vaqt va resurslarni tejash, shuningdek, aholiga va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish imkonini beradi.
Qonunda Yagona milliy arxiv axborot tizimini joriy etish ham nazarda tutilmoqda. Unga ma’lumotlarni kiritish, davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning elektron arxiv axborot tizimlarini ushbu tizimga o‘zaro integratsiya qilish bilan bog‘liq normalar belgilanmoqda.
Shuningdek, Adliya vazirligining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari belgilanadi. Vazirlar Mahkamasi, O‘zarxiv agentligi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining arxiv sohasidagi vakolatlari ham aniqlashtiriladi.
Qonun bilan tadbirkorlik faoliyatiga oid yana bir muhim o‘zgarish — “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimini yangi huquqiy institut sifatida joriy etish taklif qilinmoqda.
Mazkur rejim 2024-yil 1-martdan 2025-yil 1-yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida rentgen uskunalaridan foydalanish hamda veterinariya laboratoriya-diagnostika faoliyatini boshlash uchun qo‘llangan. Unda tadbirkorlarga uch oygacha o‘tish va moslashish davri berilgan.
Mamatkarimov tajriba davomida 50 ta tadbirkor ruxsatnoma olmasdan rentgen uskunalaridan foydalangani, ularning qariyb 30%i moslashish davridan keyin tegishli ruxsatnomalarni olganini qayd etdi. Shuningdek, 17 ta tadbirkor veterinariya laboratoriya-diagnostika faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirgan.
Ushbu tajribadan kelib chiqib, “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimini doimiy huquqiy institut sifatida qonunchilikka kiritish taklif qilinmoqda.
Unga ko‘ra, kelgusida Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziya yoki ruxsatnomasiz shug‘ullanish mumkin bo‘ladi. Buning uchun tadbirkor litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan turib, faoliyatini boshlashi haqida vakolatli organni elektron tarzda xabardor qiladi.
Uch oygacha bo‘lgan davr tadbirkorlarga litsenziya yoki ruxsatnoma talablariga moslashish, faoliyatni sinov tariqasida boshlash va uning iqtisodiy samaradorligini baholash imkonini beradi.
Senatorning ta’kidlashicha, mazkur tartib tadbirkorlik faoliyatiga kirishni yengillashtirish, vaqt va xarajatlarni tejash hamda yangi biznes tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot ishbilarmonlik tadbirlarini tashkil etgan tadbirkorlarga QQSning yarmi qaytarilishi haqida yozgandi.