O‘zbekistonda MICE (ishbilarmonlik) turizm tadbirlarini tashkil etgan tadbirkorlarga amalda to‘langan QQSning 50%i qaytariladi. Bu hukumatning 8-iyuldagi 373-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilandi.

Buning uchun tadbirkor tadbir yakunlanganidan so‘ng 3 oy ichida Milliy turizm yagona platformasi orqali Turizm qo‘mitasiga murojaat qilishi kerak.

Arizaga tadbir dasturi, xarajatlar smetasi, elektron hisob-fakturalar, onlayn kassa cheklari, bank to‘lov hujjatlari hamda xorijiy ishtirokchilar ro‘yxati va ularning O‘zbekistonga kirib-chiqish ma’lumotlari ilova qilinadi.

Turizm qo‘mitasi hujjatlarni 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Agar keyinchalik aniqlashtirilgan soliq hisobotlari sabab qaytarilishi kerak bo‘lgan summa o‘zgarsa, ortiqcha to‘langan mablag‘ qonunchilikda belgilangan tartibda budjetga qaytariladi.

Avvalroq Spot Toshkent viloyatida tadbirkorga hisoblangan qariyb 597 mln so‘mlik jarima bekor qilingani haqida yozgan edi.