Yangi Toshkentdagi ilk turar joylarga aholi kelasi yil bahoridan ko‘chib o‘tishi mumkin. Bu haqda 27-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktori o‘rinbosari Maqsud Abbosxonov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Uning aytishicha, hozirda direksiya tomonidan 20 mingta xonadondan iborat Sharq bahori turar joy majmuasi qurilishi yakunlanmoqda. Ushbu xonadonlarga aholini 2027-yil bahorida joylashtirish mo‘ljallangan.
“Yil oxirigacha 15 mingta kvartirani topshiramiz. Talabalar va hozirda yangi shahar hududida vaqtincha ishlayotgan vazirlik hamda idoralar xodimlarini hisobga olsak, 2027-yilning o‘zida taxminan 50 ming kishi joylashishini mo‘ljallaganmiz”, — dedi Abbosxonov.
Maqsud Abbosxonov (o‘ngdan birinchi). Foto: Rasmiy axborot / Telegram
Uning qo‘shimcha qilishicha, Yangi Toshkent to‘liq qurib bitkazilgach, 1,5 mln aholiga mo‘ljallangan shahar bo‘ladi. 2027-yilda esa hududda 50 ming kishi yashashi, ishlashi va xizmatlardan foydalanishi uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning iyul oyida Yangi Toshkent direksiyasi direktori maslahatchisi Saidazim Sharipov yangi shaharga ilk aholi kelgusi yildayoq ko‘chib kelishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyevning Yangi Toshkent qurilishini tezlashtirish yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 mingta xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgani bildirildi. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratadi.
O‘shanda prezident uy-joylar bilan bir vaqtda aholining dam olishi, sport bilan shug‘ullanishi, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlaridan foydalanishi uchun ham sharoit yaratish zarurligini ta’kidlagan.
Avvalroq Spot Yevroosiyo taraqqiyot banki Yangi Toshkent infratuzilmasiga $100 mln ajratishi mumkinligi haqida yozgan edi.
