Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Uchrashuvda yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 mingta xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratadi. Prezident uy-joylar bilan bir vaqtda aholining dam olishi, sport bilan shug‘ullanishi, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlaridan foydalanishi uchun ham sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.

Yangi shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming o‘rinli stadion qurilmoqda. U kelasi yili 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri bo‘ladi.

Shu munosabat bilan mehmonxonalar, kafe, restoran va ko‘ngilochar maskanlarga bo‘lgan ehtiyojni hisoblab chiqish hamda bu ma’lumotlarni tadbirkorlarga ochiq taqdim etish topshirildi.

Shaharning ishbilarmonlik markazi sifatida shakllanishida davlat idoralarining Yangi Toshkentga ko‘chirilishi ham muhim ahamiyatga ega.

Hozirda Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari yengil konstruksiyali binolarda faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun to‘qqizta bino qurilmoqda.

Bosh vazirga qolgan vazirlik va davlat tashkilotlarini ham Yangi Toshkentga ko‘chirish ishlarini boshlash topshirildi. Zarur hollarda poytaxtdagi mavjud binolarni buzib, qayta qurish huquqisiz, faqat joriy ta’mirlash orqali foydalanish sharti bilan sotish masalasi ko‘rib chiqiladi.


Avvalroq Spot Yangi Toshkentda $50 mln dan ortiq loyihalarga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi haqida yozgandi.