Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda pprezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari hududda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, ruxsat berish jarayonlarini soddalashtirish va investitsiya loyihalariga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish zarurligini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uch yil avval boshlangan loyiha doirasida hozirgacha Yangi Toshkentga $2 mlrd dan ortiq investitsiya kiritilgan. Davlat infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi muhim obyektlar qurilishiga katta mablag‘ yo‘naltirmoqda. Biroq xususiy sektorni jalb etish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.
“Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatishni o‘ziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Hozirga qadar ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, investorlarga berilgan 28 ta lotda qurilish ishlari hali boshlanmagani aytildi. Prezident bunga sabab sifatida investorlarning mablag‘i yoki xohishi yo‘qligini ko‘rsatish to‘g‘ri emasligini, aksincha, eskicha talablar, cho‘ziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning tadbirkorlar bilan hamkorlik o‘rniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga to‘sqinlik qilayotganini qayd etdi.
Davlat rahbari tadbirkorlarga yer ajratishdan tortib, loyihalarni ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.
“Yangi Toshkentda yerga talab ham ortib bormoqda. Bir gektar yerning o‘rtacha qiymati 2024-yilda 10 mlrd so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozir 19 mlrd so‘mga ko‘tarilgan”, — dedi davlat rahbari.
Yangi shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda $50 mlrd lik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Yangi aeroport bilan birgalikda hududning investitsiya salohiyatini $200 mlrd gacha yetkazish mumkinligi qayd etildi.
Hozirda ming gektardan ortiq maydonda, asosan, davlat mablag‘lari hisobidan qurilish ishlari olib borilmoqda. Tadbirkorlarga esa hozirgacha atigi 94 gektar yer ajratilgan.
Avvalroq Spot Saida Mirziyoyeva biznesni Yangi Toshkentga investitsiya kiritishga chaqirgani haqida yozgandi.