17-sentabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Shayxontohur tumanidagi kelajakdagi bog‘ hududi, Yangi Toshkent va O‘zbekfilm kinostudiyasiga tashrif buyurdi. Tashriflar davomida u ishlarning borishi bilan tanishib, shahar infratuzilmasi, yangi shahar va kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Shayxontohur tumanida Saida Mirziyoyeva barpo etilishi rejalashtirilgan yangi istirohat bog‘i hududini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda ko‘l, yashil hududlar, sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish va bolalar bilan dam olish joylari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Uning ta’kidlashicha, Toshkentga, ayniqsa, issiq iqlimni hisobga olgan holda, ko‘proq yashil hududlar kerak.
“Bunday maskanlar poytaxtimizning barcha tumanlarida tashkil etilishi lozim. Shaharda istirohat bog‘larini yanada ko‘paytirish, mavjud yashil hududlarni asrab-avaylash, yangi ekologik toza mavzelarni barpo etish zarur. Toshkentni rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri shu, biz boshlangan ishlarni qat’iy davom ettiramiz”, — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.







Yangi Toshkentda Saida Mirziyoyeva zamonaviy bino va inshootlar qurilishi bilan tanishdi. U shaharning jadal sur’atlarda o‘sib, rivojlanayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, britaniyalik me’morlar tomonidan puxta va uzoqni ko‘zlab ishlab chiqilgan konsepsiya shaharning o‘n yilliklar davomida rivojlanishi uchun asos yaratadi. Hozir amalga oshirilayotgan loyihalar esa kelajakdagi shahar qiyofasini belgilaydi.
Prezident Administratsiyasi rahbari tadbirkorlarni Yangi Toshkentga e’tibor qaratib, uning rivojiga investitsiya kiritishga chaqirdi.
“Bu yerga sarmoya kiriting, qurilish qiling, o‘z biznesingizni yo‘lga qo‘ying. Mazkur maskanning istiqboli va imkoniyatlari beqiyos”, — dedi u.



O‘zbekfilm'da Saida Mirziyoyeva studiyaning bugungi holati va faoliyati bilan tanishdi. U O‘zbekfilmni milliy kinematografiya beshigi deb atab, uni milliy brend va O‘zbekiston zamonaviy kinoindustriyasining tayanch markaziga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Buning uchun sohani boshqarish tizimini o‘zgartirish, davlatni ijodiy jarayonga aralashadigan buyurtmachi emas, balki rivojlanish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun sharoit yaratadigan strategik hamkor sifatida ko‘rish zarurligi qayd etildi. Kinoindustriyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi esa xususiy kinostudiyalar, mustaqil prodyuserlar va ijodkorlar bo‘lishi kerak.
Kinoni ishlab chiqarishdan tomoshabinga yetkazishgacha bo‘lgan barcha jarayon — moliyalashtirish, distribyutsiya, prokat, festivallarda ishtirok etish va eksport tizimini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, milliy kino merosini saqlash, restavratsiya va raqamlashtirish, mutaxassislar tayyorlash hamda xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
“Eng muhimi, sohada professional muhit va o‘zini o‘zi boshqarish madaniyati shakllanib, kinoijodkorning fikri, tajribasi va kasbiy obro‘si munosib qadrlanadi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Tashrif yakunida Prezident Administratsiyasi rahbari Abu Ali ibn Sinoning bolaligi haqida tarixiy film suratga olinayotgan maydonda bo‘lib, ijodiy guruh faoliyati bilan tanishdi. “Premyerada ko‘rishguncha!” — deya qo‘shimcha qildi u.















