O‘zbekistonda fuqarolarni kuniga kamida 10 ming qadam yurishga rag‘batlantiruvchi “O‘n ming qadam piyoda” aksiyasini amalga oshirish va ishtirokchilarni taqdirlash tartibi belgilanmoqda. Sport vazirligi bu bo‘yicha tegishli nizom loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirdi.
Aksiya “Ekofaol fuqaro” platformasi orqali o‘tkaziladi. U mobil ilova va veb-portaldan iborat bo‘lib, fuqarolarning qadamlarini hisobga olish, natijalarni shakllantirish va reyting yuritishga xizmat qiladi.
Aksiyada 18 yosh va undan katta O‘zbekiston fuqarolari ixtiyoriy qatnashishi mumkin. Buning uchun mobil ilovani Google Play Market yoki App Store’dan yuklab olish, Android qurilmalarida Google Fit, iOS qurilmalarida esa HealthKit ilovalarini o‘rnatish talab etiladi.
Telefon akselerometrga ega bo‘lishi kerak. Ishtirokchilar id.egov.uz orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Har bir fuqaro faqat bitta akkaunt va bitta qurilmadan foydalanishi mumkin.
Qadamlar soni shu qurilma ma’lumotlari asosida kun davomida soat 00:00 dan 23:59 gacha hisoblanadi. Natijalar veb-portalga avtomatik uzatiladi.
Platforma ishga tushirilganidan bir yil o‘tgach, bir yil davomida eng ko‘p qadam yurgan va har kuni kamida 10 ming qadam bosgan ishtirokchilar orasidan g‘oliblar aniqlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bo‘yicha eng yuqori natijaga erishgan fuqarolar, shuningdek, respublika miqyosida 1−3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Hududiy g‘oliblar va respublika sovrindorlari alohida aniqlanadi.
Taqdirlash har yili dekabr oyining uchinchi o‘n kunligida, Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Aksiya doirasida nominatsiyalar bo‘yicha ham alohida g‘oliblarni rag‘batlantirish mumkin. Natijalar platformaning veb-portalida ochiq e’lon qilinadi.
Boshqa shaxsning akkauntidan foydalanish, avtomobil, samokat, velosiped yoki boshqa texnika vositalari yordamida qadamlarni hisoblash, ularni sun’iy ko‘paytirish hamda platformaga noqonuniy aralashish taqiqlanadi.
Operator g‘ayritabiiy yuqori natijalar, avtomatlashtirilgan dasturlardan foydalanish alomatlari, murojaatlar yoki texnik nosozliklar yuzaga kelganda ishtirokchi natijalarini tekshirishi mumkin.
Qoidabuzarlik aniqlansa, ishtirokchi aksiyadan chetlashtiriladi, natijalari bekor qilinadi va akkauntiga cheklov qo‘yilishi mumkin. Aldov yo‘li bilan g‘olib bo‘lganlar diskvalifikatsiya qilinadi.
Prezidentning 2026-yil 25-martdagi qarorida 10 ming qadam piyoda yurish tajribasini qayta tiklash belgilangandi.
Nizom loyihasi 13-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq hisoblanadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda $5 mln lik xalqaro startaplar tanlovi o‘tkazilishi haqida yozgandi.