3-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi Tekhnochem korxonasiga tashrif buyurib, neft-kimyo klasteri faoliyati va uni kengaytirish rejalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2028-yil oxirigacha bu yerda $292 mln lik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Loyiha gaz kondensati va neftni qayta ishlash, shuningdek, aromatik uglevodorodlar va erituvchilar ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutadi.

Natijada majmuaning xomashyoni qayta ishlash quvvati yiliga yana 400 ming tonnaga oshadi, ish o‘rinlari soni esa 700 taga ko‘payadi.

Hozirda korxona 69 gektar maydonni egallaydi va unda 500 ga yaqin kishi ishlaydi. Majmua yiliga 100 ming tonna piroliz distillyati hamda 160 ming tonna nafta va gaz kondensatini qayta ishlash imkoniyatiga ega.

Bu yerda yoqilg‘idan tashqari, kimyo sanoati uchun mahsulotlar, jumladan, oktan-buster va erituvchilar ham ishlab chiqariladi.

Klaster kengaytirilganidan so‘ng texnologlar, muhandislar, kimyogarlar va laboratoriya mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyoj ortadi.

Shu munosabat bilan prezident kasb-hunar ta’limi muassasalarining mintaqadagi korxonalar bilan hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, klaster har yili Markaziy Osiyo mamlakatlari, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqiga qariyb 180 ming tonna neft-kimyo mahsulotlari, benzin va dizel yoqilg‘isi eksport qilishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, 2028−2030-yillarda 150 ming tonna suyultirilgan gazni qayta ishlash loyihasi bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.


Avvalroq Spot ROX Group Toshkent, Buxoro va Samarqandda 115 ming kishilik turar joy massivlarini qurishi haqida yozgandi.