O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu mamlakatdagi IMARAT Group kompaniyasi rahbari Akbar Shafik bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi muxbiri xabar bermoqda.
Uchrashuv davlat rahbari boshchiligida Yangi Toshkent loyihasini amalga oshirish yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda Pokistonning yirik developerlik kompaniyalarini ushbu loyihaga jalb etish maqsadida tashkil etildi.
Muzokaralar davomida diplomatlar tomonidan Yangi Toshkent loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Unda yangi shahar loyihasining mazmun-mohiyati, xorijiy investorlar uchun taqdim etiladigan imtiyozlar va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tomonlar IMARAT Group kompaniyasining O‘zbekistonda, xususan, Yangi Toshkent hududida yirik ko‘chmas mulk va kompleks development investitsiya loyihalarida ishtirokini ta’minlash masalalarini muhokama qildi.
Pokistonlik investorga ushbu hududda ko‘p tarmoqli bunyodkorlik loyihasini amalga oshirish taklif qilindi.
Loyiha zamonaviy turar-joy majmualari, “Grade-A” toifasidagi ofis maydonlari, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari, mehmonxonalar, konferensiya markazlari hamda zamonaviy jamoat hududlarini qamrab oladi.
Shuningdek, IMARAT Group kompaniyasining ko‘chmas mulk sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tajribasi istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Bo‘lib o‘tgan muhokamalarda IMARAT Group delegatsiyasining O‘zbekistonga safari tashkil etilishi va dastlabki muhokamalar bosqichini aniq investitsiya konsepsiyasini shakllantirish bosqichiga olib chiqish bo‘yicha kelishib olindi.
IMARAT Group — Pokistonning ko‘chmas mulk va qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar guruhlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya o‘z faoliyati doirasida ko‘chmas mulk, arxitektura va dizayn, mehmonxona biznesi, qurilish materiallari, ko‘chmas mulkni sotish va boshqarish hamda raqamli ko‘chmas mulk texnologiyalari yo‘nalishlarini yagona ekotizimga birlashtirgan.
Avvalroq Spot Yangi Toshkentda $1 mlrd lik 7 ta obyekt ishga tushirilib, yana $2,5 mlrd lik loyihalar qurilishi boshlangani haqida yozgandi.