Markaziy bank boshqaruvi 4-noyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy bank inflyatsion kutilmalar pasayib borayotganiga qaramay, ichki talabning yuqoriligi va tashqi iqtisodiy sharoitlar bilan bog‘liq xatarlar qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni talab qilayotganini qayd etdi.
Sentabr oyida umumiy inflyatsiya yillik hisobda 6,4% ni tashkil etib, avgust oyiga nisbatan biroz tezlashdi. Bunga meva-sabzavotlar, yonilg‘i va ayrim xizmatlar narxlarining o‘sishi ta’sir ko‘rsatdi. Xizmatlar inflyatsiyasi yillik 7% gacha tezlashgan bo‘lsa, bazaviy inflyatsiya 5,5% darajasida shakllandi.
Shu bilan birga, narxlari yillik hisobda 5% dan yuqori oshayotgan tovar va xizmatlar ulushining biroz ko‘payishi inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Regulyatorning qayd etishicha, taklif omillari ta’sirida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ikkilamchi inflyatsion ta’sirlarni cheklash uchun qat’iy pul-kredit siyosati zarur.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi. Sentabr oyida aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 8,7% ni, biznesniki esa 9,2% ni tashkil etdi.
Jahon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yuqori o‘zgaruvchanligi va energiya resurslari bilan bog‘liq xatarlar ham tashqi inflyatsion bosimni kuchaytirmoqda. Bu omillar import narxlari, ishlab chiqarish va transport xarajatlari orqali ichki narxlarga ta’siri inflyatsiyaning pasayish jarayonini sekinlashirish mumkin.
Iqtisodiy o‘sish prognozi 8% ga yetkazildi
2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,3% ga o‘sdi. Bunda sanoat, qurilish va xizmatlar sohalari asosiy o‘sish omillari bo‘ldi.
Markaziy bank kelgusi oylarda investitsion faollik va aholi real daromadlarining oshishi ichki talabni qo‘llab-quvvatlashini kutmoqda. Ushbu omillar hisobga olinib, joriy yil yakunida yalpi ichki mahsulot o‘sishi prognozi 8% atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Regulyatorning qayd etishicha, investitsiyalar jadallashishi va yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytiradi. Biroq yalpi talab ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori shakllanayotgani talab bilan bog‘liq inflyatsion bosimlarni saqlab qolishi mumkin.
Yil yakunida inflyatsiya 7% bo‘lishi mumkin
Yuqori ichki talab, energiya narxlari bilan bog‘liq tashqi xatarlar va ayrim tartibga solinadigan narxlarning rejalashtirilgan oshirilishi sababli Markaziy bank 2026-yil yakuni uchun inflyatsiya prognozini qayta ko‘rib chiqdi.
Yangilangan prognozga ko‘ra, yil oxirida inflyatsiya 7% atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Markaziy bank tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishining bevosita ta’siri qisqa muddatli xususiyatga ega bo‘lib, kelgusi yilda tugab borishini bildirdi. Qat’iy pul-kredit sharoitlari esa ushbu o‘zgarishlarning ikkilamchi ta’sirlari narxlar va inflyatsion kutilmalarga o‘tishini cheklaydi.
Natijada bazaviy inflyatsiya yil oxirigacha sezilarli o‘zgarmasligi, keyingi davrlarda esa pasayishi kutilmoqda. Umumiy inflyatsiya 2027-yil yakunida 5% lik targetga tushishi prognoz qilinmoqda.
Markaziy bank qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettiradi
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, pul bozori foiz stavkalari asosiy stavkaga yaqin shakllanmoqda. Milliy valyutadagi depozitlar va kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalarining ijobiy darajada saqlanayotgani pul-kredit sharoitlarining qat’iyligini ta’minlamoqda. Bu, o‘z navbatida, so‘mda jamg‘arish jozibadorligini qo‘llab-quvvatlab, yalpi talabning ishlab chiqarish salohiyatiga yaqinlashishiga xizmat qilmoqda.
Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qolish va qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni maqsadga muvofiq deb topdi.
“Bu joriy sharoitlarda taklif omillari ta’sirining boshqa narxlar va inflyatsion kutilmalarga keng tarqalishining oldini olish, inflyatsiyaning pasayish dinamikasining davom etishini ta’minlashga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Regulyator inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar, ichki talab hamda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarni kuzatib boradi. Asosiy stavka bo‘yicha keyingi qarorlar inflyatsiya dinamikasi va prognozi, inflyatsion kutilmalar hamda inflyatsion xatarlarning namoyon bo‘lishiga qarab qabul qilinadi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 16-dekabrga belgilangan.
Avvalroq Spot Markaziy bank to‘lov svitchi orqali so‘mdagi hisob-kitoblar tartibini tasdiqlagani haqida yozgan edi.