Markaziy bank milliy to‘lov svitchi orqali chakana hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat 23-oktabr kuni Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olindi.
Nizom O‘zbekiston ichida naqd pulsiz to‘lovlarni qayta ishlash va kliring qilish uchun yagona markazlashgan infratuzilmaning ishlash qoidalarini belgilaydi. U orqali O‘zbekiston hududida milliy valyutada amalga oshiriladigan barcha to‘lovlar o‘tkaziladi.
To‘lov svitchi operatori sifatida Markaziy bank huzuridagi “Axborotlashtirish bosh markazi” MChJ (ABM) ishtirok etadi. U infratuzilmaning uzluksiz ishlashi, texnik qo‘llab-quvvatlanishi va rivojlanishi, shuningdek, axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlik uchun mas’ul bo‘ladi.
To‘lov switchi infratuzilmasi so‘rovlarni qabul qilish, marshrutlash, qayta ishlash va avtorizatsiya qilish, kliring operatsiyalari, hisob-kitob hujjatlari va hisobotlarni tayyorlash, shuningdek, mamlakat ichida axborot almashinuvini ta’minlaydi. Hujjatda qayd etilishicha, uning ishga tushirilishi tranzaksiyalarning barqarorligi, xavfsizligi va ishonchliligini oshiradi.
Tizimda faqat banklar to‘lov switchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokchi sifatida ulana oladi. To‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari va elektron pul tizimi operatorlari operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni “hisob-kitob banki” orqali amalga oshirishi shart, biroq ular ham texnik jihatdan tizimga bevosita ulanadi.
Svitch ishtirokchilari hisob-kitoblar uchun yetarli likvidlikni ta’minlashi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish (komplayens) choralariga rioya etishi, shuningdek, to‘lov ma’lumotlarining maxfiyligini hamda shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishni ta’minlashi shart.
To‘lov svitchiga ulanish uchun tashkilot Markaziy bankka yozma yoki elektron ariza topshirishi kerak. Regulyator tashkilotning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi va tavakkalchiliklarni baholaydi.
ABM ariza beruvchi bilan shartnoma tuzadi, shundan so‘ng test sinovlarini o‘tkazadi va uning natijalarini Markaziy bankka taqdim etadi. Test natijalariga ko‘ra regulyator switchga ulanish arizasini ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Arizani ko‘rib chiqish ulanish va ishga tushirishgacha bo‘lgan davrda umumiy hisobda 30 ish kunigacha davom etishi mumkin.
Arizalarni baholashda quyidagi mezonlardan foydalaniladi:
- operatsion va texnik tayyorgarlik yo‘nalishida — ichki texnik hujjatlar va ABMning test yakunlari bo‘yicha bayonnomasi;
- kiberxavfsizlik yo‘nalishida — tashkilot siyosati, ko‘rilgan choralar haqidagi ma’lumotlar va test natijalari;
- tavakkalchiliklarni boshqarish (risk-menejment) yo‘nalishida — tavakkalchiliklarni baholash natijalari, belgilangan limitlar va nazorat choralari.
Ko‘rsatkichlarning aniq ro‘yxati, ularning chegaraviy qiymatlari, tekshirish usullari va baholash uslubiga oid boshqa ma’lumotlar arizalar qabul qilinishidan oldin Markaziy bank va ABM veb-saytlarida e’lon qilinishi shart. E’lon qilinmagan mezonlar asosida ulanishni rad etish taqiqlanadi.
Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach — 2027-yil 25-yanvardan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil noyabr oyida Prezident barcha so‘mdagi to‘lovlar o‘tadigan yagona to‘lov “svitch” tizimini yaratish bo‘yicha topshiriq bergan edi. MB tizimni 2027-yilda ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan me’yoriy-huquqiy bazani joriy yil oxirigacha tayyorlashi kerak edi.
Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmonov iyul oyida Spot’ga bergan intervyusida milliy to‘lov switchini yaratish bo‘yicha ishlar jarayoni haqida gapirib bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap O‘zbekiston ichida milliy valyutadagi operatsiyalar o‘tadigan yagona infratuzilmani yaratish haqida bormoqda.
Hozirgi vaqtda xalqaro bank kartalari bo‘yicha ayrim tranzaksiyalar xorijiy protsessing markazlari tomonidan qayta ishlanadi. Yangi tizim bunday operatsiyalarni qayta ishlashni O‘zbekistonga ko‘chirish imkonini beradi, deb ta’kidlagan edi Usmonov.
“Davlatlar asta-sekin milliy svitchlarga o‘tmoqda, chunki bu xorijiy kompaniyalardan mustaqillikni ta’minlaydi va barcha ma’lumotlarni o‘z mamlakatida qayta ishlash imkoniyatini beradi”, — degan edi u.
Markaziy bank birinchi islomiy moliya standarti — Murobahani joriy etishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.