Shu hafta O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun birinchi litsenziya berildi. Uni mamlakatning eng yosh banklaridan biri — Open Bank oldi. Bu litsenziya bankka islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida operatsiyalarni amalga oshirish va yangi mahsulotlarni taklif etish imkonini beradi. Masalan, ijara modelida mol-mulk mijozga keyinchalik uni sotib olish huquqi bilan ijaraga beriladi.

Islomiy moliyani joriy etish uchun huquqiy asoslar bosqichma-bosqich shakllandi. 2022-yilda mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatish huquqi berildi, bu xizmatlarni amalga oshirish tartibi esa 2024-yilda tasdiqlandi. Banklar uchun navbatdagi muhim qadam 2026-yil mart oyida qo‘yildi: o‘shanda prezident islomiy bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Endi yangi yo‘nalishni rivojlantirish uchun institutsional asoslar ham yaratilmoqda. Jumladan, Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tuzildi. Regulyatorning kutuvlariga ko‘ra, 2030-yilgacha mamlakatda 10 taga yaqin islomiy bank ochiladi, uchta davlat bankida esa “islomiy darcha"lar ishga tushiriladi. Shuningdek, 2026−2030-yillarda islomiy bank faoliyati orqali qariyb 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozit jalb etish rejalashtirilgan.

Spot avvalroq islom moliyasi nima ekani, bu tizim atrofida qanday afsonalar borligi, islomiy banklar qanday daromad olishi va uning shunchaki rasmiyatchilikka aylanib qolishining oldini olish yo‘llari haqida yozgan edi.

Birinchi litsenziya berilgach, endi asosiy savollar amaliyot bilan bog‘liq: mijozlar dastlabki mahsulotlardan qachondan foydalanishi mumkin, keyingi litsenziyani qaysi banklar olishi ehtimol va yangi yo‘nalish endi rivojlanayotgan paytda nimalarga e’tibor berish kerak? Spot bu savollarga javob olish uchun bozor mutaxassislari bilan suhbatlashdi.


islom banki, islomiy moliya

Xondamir Nusratxo‘jayev,

islom moliyasi sohasidagi xalqaro ekspert, Islom moliyasi Telegram-kanali va onlayn kurslar muallifi.

Birinchi litsenziya, shubhasiz, tarixiy voqea. Nihoyat, so‘z va qonunchilikka oid tayyorgarlik bosqichidan amaliy ishga — yangi tizimni joriy etishga o‘tdik.

Buning natijasida muayyan pretsedent yuzaga keldi. Endi boshqa banklar ham islomiy darcha ochish yoki islomiy bank tashkil etish uchun litsenziya olishga zarur ichki jarayonlar va hujjatlarni ancha tezroq tayyorlay boshlashi mumkin.

Bu, o‘z navbatida, odamlarga biznes va iste’mol maqsadlari uchun moliyalashtirish, islomiy ipoteka olish, eng muhimi, islomiy depozitlarga mablag‘ joylashtirish imkonini beradi. Xalqaro bank tuzilmalari ham O‘zbekistonni o‘sish salohiyati yuqori bo‘lgan yangi bozor sifatida jiddiy ko‘rib chiqa boshlaydi.

Yana bir muhim jihat shundaki, Markaziy bank muayyan bir mahsulotga emas, umuman islomiy bank faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berdi. Bu me’yoriy bazani, shariat nazorati va boshqaruv tizimini, alohida hisob yuritishni, metodologiya hamda IT tizimini qamrab oladigan yaxlit yondashuvdir. Shu sababli Markaziy bankning bu masalani ustuvor yo‘nalish sifatida belgilaganini olqishlayman.

Shu bilan birga, litsenziya olish va mahsulotlarni ishga tushirish — ikki alohida bosqich. Bank hali mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy etish ustida, ayniqsa investitsiya hisobvaraqlari bo‘yicha, ko‘p ishlashi kerak. Shunga qaramay, dastlabki mahsulotlar tez orada e’lon qilinishiga ishonaman.

Ishning boshida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflardan biri — IMAN Invest atrofidagi so‘nggi voqealar islomiy moliyaning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi. Biroq bank sohasi qat’iy tartibga solingani sababli, aholining islomiy darchalarga ishonchi yuqori bo‘lishi mumkin, deb hisoblayman.

Yana bir xavf — moliyaviy savodxonlik pastligi sababli aholi va biznes vakillari yangi mahsulotlarni noto‘g‘ri tushunishi yoki umuman tushunmasligidir. Kredit tushunarli model. Islomiy moliyalashtirishda esa bank bilan haqiqiy oldi-sotdi, lizing yoki investitsiya shartnomalarini tuzish muhim. Bu ayrim mijozlarni cho‘chitishi mumkin.

Mahsulot mohiyatini yaxshi tushunmagan mijoz o‘z zimmasidagi xavflarni ham to‘liq anglamasligi mumkin. Masalan, investitsiya depozitida tavakkalchilikning bir qismini aynan omonatchi o‘z zimmasiga oladi. Bu esa ayrim mijozlarni bunday mahsulotlardan uzoqlashtirishi mumkin. Shu bois ular bilan sodda va tushunarli tilda muntazam muloqot qilish juda muhim.

Banklarning o‘zlari noto‘g‘ri mahsulotlarni taklif etishi ham mumkin. Agar jiddiy shariat nazorati yo‘lga qo‘yilmasa va dastlabdan tavarruq, tovar murabahasi kabi bahsli mahsulotlar ilgari surilsa, bu xavf yanada ortadi.

Shunga qaramay, yangi sohani amalda shakllantirishni boshlaganimizning o‘zi muhim voqea. Endi uning obro‘siga putur yetkazmaslik kerak: tartibga solish va nazoratni izchil davom ettirish, xatarlarni samarali boshqarish, aholining xabardorligini oshirish va xalqaro investorlar uchun jozibador muhit yaratish zarur.


islom banki, islomiy moliya

Jahongir Usmonov,

islom moliyasi va fintex bo‘yicha ekspert, O‘zbekistonda islom banki to‘g‘risidagi qonunchilikni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi.

Birinchi litsenziya islomiy mahsulotlarni to‘laqonli bank infratuzilmasiga integratsiya qilish imkonini beradi. Bunda bank kapital, to‘lov xizmatlari va keng mijozlar bazasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Biroq islohot muvaffaqiyatining asosiy mezoni berilgan litsenziyalar soni emas, balki banklarning keng mijozlar ommasiga raqobatbardosh islomiy moliya mahsulotlarini taklif qila olishidir.

Qonun imzolanganidan birinchi litsenziya berilguniga qadar o‘tgan muddat, menimcha, oqilona. Qonun kuchga kirganidan litsenziya berilguniga qadar to‘rt oydan kam vaqt o‘tdi. Shu davr ichida regulyator qonunosti me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishi, litsenziyalash va shariat boshqaruviga qo‘yiladigan talablarni belgilashi kerak edi.

Aslida, gap navbatdagi bank mahsulotini litsenziyalash haqida emas, balki bank faoliyatining yangi yo‘nalishini yaratish haqida bormoqda. Xalqaro tajribada islomiy bank faoliyatining to‘laqonli infratuzilmasini shakllantirish ko‘pincha yillar talab qiladi.

Litsenziya bankka islomiy bank faoliyatini yuritish huquqini beradi, ammo bu barcha mahsulotlar avtomatik tarzda ishga tushirish uchun tayyor degani emas.

Bu boradagi asosiy vazifa — yangi tizimni amalda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish. Bank mahsulotlarning islomiy standartlarga muvofiqligini ta’minlashi, IT tizimlari, buxgalteriya hisobi, shartnoma hujjatlari, sotuv, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va qarzdorlikni undirish jarayonlarini moslashtirishi kerak.

Masalan, murobaha foiz stavkasi o‘rniga shunchaki savdo ustamasini qo‘shish bilan cheklanmaydi — u aktivni haqiqatan sotib olish va sotishni nazarda tutadi. Shu sababli shariat kengashining xulosasini olishning o‘zi yetarli emas. Bitimning butun jarayoni davomida, jumladan, birlamchi hujjatlar, hisob-fakturalar va elektron hujjat aylanishini rasmiylashtirishda ham islomiy tamoyillarga rioya etilishi kerak.

Bundan tashqari, bank islomiy operatsiyalarni hisobga olish, ular bo‘yicha hisobot yuritish va boshqarish uchun alohida tizim yaratishi lozim. Avtomatlashtirilgan bank tizimidan tortib ichki jarayonlargacha bo‘lgan infratuzilma sifati bankning faoliyatini kengaytirishga qanchalik tayyorligini belgilaydi.

Banklar bozorga bosqichma-bosqich kirib keladi, deb kutyapman. Dastlab nisbatan standartlashtirilgan mahsulotlar, birinchi navbatda, oldindan kelishilgan ustama va bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan tovar xaridini moliyalashtiruvchi murobaha taklif etilishi mumkin.

Bu mantiqiy boshlang‘ich nuqta. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi islomiy mikromoliyalashtirish hajmining qariyb 63% i murobaha hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston iste’molchilari bo‘lib to‘lash modeliga allaqachon yaxshi tanish.

Keyinchalik islomiy ijara, sheriklik asosidagi moliyalashtirish va investitsiya omonatlari rivojlanishi mumkin. Biroq mahsulotlarni joriy etish ko‘lami faqat litsenziyaga emas, balki mavjud kapital, texnologiyalar va malakali mutaxassislarga ham bog‘liq bo‘ladi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, o‘ndan ortiq tijorat banki islomiy moliyalashtirishni joriy etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Agrobank, Asakabank, Ipak Yuli Bank, Orient Finans Bank, Hayot Bank va Apex Bank ham ma’lum qilgan. Iyun oyida Agrobank aksiyadorlari islomiy bank xizmatlarini joriy etishni, Asakabank aksiyadorlari esa islomiy darcha ochishni ma’qullagan.

Shunga qaramay, navbatdagi litsenziyani aynan qaysi banklar olishini hozirdan aytish qiyin. Muddatlar har bir bankning tayyorgarligi, regulyator talablarining bajarilishi va Markaziy bank qarorlariga bog‘liq.

Dastlab amaldagi banklar tarkibida islomiy darchalar rivojlanishini kutyapman. Bu amaliy jihatdan qulayroq model: mavjud bank infratuzilmasidan foydalanish mumkin bo‘ladi, alohida bankni noldan tashkil etishga hojat qolmaydi.

O‘rta muddatli istiqbolda davlat 2030-yilgacha kamida ikkita to‘laqonli islomiy bank tashkil etishni maqsad qilgan.

Dastlabki bosqichda uchta asosiy muammo yuzaga kelishi mumkin. Birinchisi — shariat talablariga muvofiqlik. Islomiy bank faoliyati an’anaviy kredit mahsulotlarining nomini o‘zgartirish bilangina cheklanmasligi kerak. Bitimlarning haqiqiy iqtisodiy tuzilishi, tavakkalchiliklarning to‘g‘ri taqsimlanishi va mustaqil shariat nazorati muhim ahamiyatga ega.

Ikkinchi muammo — kapital va kadrlar. Qonunchilik bazasi yaratilganidan keyin o‘sishni cheklashi mumkin bo‘lgan asosiy omillar uzoq muddatli moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyati va malakali mutaxassislar yetishmasligi bo‘lishi mumkin. Islomiy bank faoliyati bank ishi, huquq, xatarlarni boshqarish va islomiy moliya standartlari bo‘yicha birdek bilimga ega bo‘lishni talab qiladi.

Uchinchi muammo — mijozlarning kutuvlari. Islomiy moliyalashtirish bepul moliyalashtirish degani emas. Mijozlar mahsulotning yakuniy qiymati, komissiyalar, to‘lov kechiktirilgandagi shartlar va muddatidan oldin to‘lash imkoniyatlarini sinchiklab o‘rganishi kerak. Ayniqsa, investitsiya omonatlari bo‘yicha foyda va xatarlar qanday taqsimlanishini tushunish muhim, chunki iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra ular odatiy bank depozitlaridan farq qiladi.

Shu bois dastlab banklar uchun eng muhim vazifa — shaffoflik, sifatli mahsulotlar va islomiy tamoyillarga izchil rioya qilish orqali mijozlar ishonchini qozonish.

Islomiy bank mahsulotlari an’anaviy kreditlardan albatta arzon bo‘lishi shart emas. Islomiy moliya an’anaviy moliyadan, avvalo, bitimlar tuzilishi va tavakkalchilikni taqsimlash tamoyillari bilan farq qiladi; narxning kafolatlangan darajada past bo‘lishi bilan emas.

Bundan tashqari, dastlabki bosqichda moliyalashtirish manbalariga kirish cheklangani, miqyos samarasi hali yuzaga kelmagani va qo‘shimcha operatsion xarajatlar tufayli ayrim islomiy mahsulotlar an’anaviy muqobillaridan qimmatroq bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, qonunda maxsus soliq rejimi, jumladan, ayrim islomiy operatsiyalarda savdo ustamasini QQSdan ozod qilish nazarda tutilgan. Bu mahsulotlarning narx bo‘yicha raqobatbardoshligini cheklaydigan muhim to‘siqlardan birini kamaytiradi.

Oxir-oqibat, mijozlar mahsulotlarning diniy tamoyillarga muvofiqligini emas, balki narxi, tezligi, qulayligi va xizmat ko‘rsatish sifatini ham solishtiradi.

Menimcha, islomiy banklarning asosiy raqibi an’anaviy banklar emas, balki mijozga qulayroq xizmat tajribasini taklif qiladigan kuchli fintex platformasi bo‘lishi mumkin. Shu sababli islomiy moliya modelini zamonaviy raqamli bank xizmatlarining samaradorligi bilan uyg‘unlashtira olganlar yutadi.