Qirg‘iziston hukumati mahalliy fermerlarni himoya qilish maqsadida mamlakatga olma import qilishni vaqtincha taqiqladi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.

Bosh vazir Adilbek Qosimaliyev tegishli qarorni 27-oktabr kuni imzoladi. Hukumat ta’kidlashicha, cheklovlar mahalliy bog‘dorchilik sohasi manfaatlarini himoya qilish, uning ishlab chiqarish salohiyatini saqlab qolish va ichki bozorni tartibga solishga qaratilgan.

Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligi vaziri Erlis Aqqunbekov taqiqdan ko‘zlangan maqsad qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mahalliy ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi choralar mahalliy bog‘bonlar tomonidan bu yil yetishtirilgan olma hosilini sotishga yordam beradi.

“Bu, birinchi navbatda, mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchilarni, jumladan, olma yetishtiruvchi bog‘bonlar va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Biz o‘z navbatimizda joylarda yarmarkalar tashkil etamiz va narxlar oshib ketmasligini nazorat qilamiz”, — dedi Aqqunbekov.

Taqiq 2027-yil 1-fevralgacha amal qiladi. Hukumatning qayd etishicha, bu chora kuz-qish mavsumida mahalliy olma hosilining sotilishini ta’minlash, shuningdek, sotilmay qolgan mahsulotlar to‘planib ketishi xavfini kamaytirishga qaratilgan.

Hozirda Qirg‘izistonda hosil berayotgan olma bog‘lari maydoni 26,3 ming gektarni tashkil etadi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi prognoziga ko‘ra, joriy yilda mamlakatda 179,39 ming tonna olma yetishtiriladi.

Yanvar-avgust oylarida respublikaga 6 438,9 tonna olma import qilingan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning butun davridagi import hajmidan ikki baravardan ko‘proqqa ko‘p.

Shu bilan birga, yil boshidan buyon sakkiz oyda olma eksporti 13,3% ga kamayib, 10,78 ming tonnani tashkil etdi.

Qirg‘izistonga import qilinadigan olmaning yarmidan ko‘pi — 3,55 ming tonnasi — Polsha hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Xitoy 1,69 ming tonna, O‘zbekiston esa 859,7 tonna olma yetkazib bergan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 45 ming fermer va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 60% i sug‘urta bilan qamrab olinishi haqida yozgandi.