O‘zbekistonda avtovokzal va temir yo‘l vokzallari uch yilga soliqdan ozod qilinishi mumkin. Transport vazirligi bu bo‘yicha qaror loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirdi.
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekistonda avtovokzallar, avtostansiyalar, temir yo‘l vokzallari va mahalliy aeroportlarni 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilish taklif etilmoqda.
Qayd etilishicha, soliq imtiyozi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport infratuzilmasi obyektlariga tatbiq etilishi mumkin. Imtiyoz uch yil davomida amal qilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Markaziy bank tijorat banklari orqali tadbirkorlarga avtovokzal va avtostansiyalarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda modernizatsiyalash uchun imtiyozli shartlarda uzoq muddatli kreditlar ajratish mexanizmini joriy etishi taklif qilingan.
Bunday kreditlar shahar ichi, shahar atrofi va shaharlararo yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish uchun yangi mikroavtobuslar xarid qilishga ham yo‘naltirilishi mumkin.
Bundan tashqari, avtostansiyalar hududining 20% igacha bo‘lgan qismida turli majmualar qurishga ruxsat berish ko‘zda tutilgan.
Ular elektromobillarni quvvatlash shoxobchalari, umumiy ovqatlanish obyektlari, mehmonxonalar, texnik servis punktlari, avtomobil yuvish shoxobchalari va do‘konlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Qaror loyihasi muhokamasi 11-noybargacha davom etadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yagona transport platformasi ishga tushirilishi mumkinligi haqida yozgandi.
2027−2029-yillarda ayrim poyezd va avtobuslarda elektron chiptalarga kamida 20% chegirma, 2030-yildan esa faqat naqdsiz to‘lov joriy etilishi taklif qilinmoqda.